O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (YeXHT DIIHB) missiyasi rahbari Ursula Gachek bilan 3 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida bo‘lajak prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari YeXHT bilan konstruktiv muloqot, faol almashinuvlar, ochiq va samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Byuro ekspertlari milliy saylov tizimini modernizatsiya qilishda, shu jumladan mamlakatimiz Saylov kodeksini ishlab chiqishda ishtirok etgan.

YeXHT DIIHB missiyasi joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Konstitutsiya bo‘yicha referendumni kuzatishda ham qatnashgan edi.

Uchrashuvda umumxalq ovoz berish jarayonini xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkazishning turli jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

DIIHB missiyasi rahbari Ursula Gachek Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatladi. Mamlakatimizda shaffof va adolatli saylov o‘tkazish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi.