Tayvan uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibat va mojaro ortidan kelib chiqadigan iqtisodiy tanazzul Ukrainadagi vaziyat tufayli Yevropa boshidan kechirayotgan holatdan ancha yomonroq bo‘ladi. Avstraliyaning sobiq Bosh vaziri Skott Morrison shunday taxminni bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Ukraina masalasiga soya soladigan Xitoyning Tayvanga qarshi harbiy harakati va ayni voqeaning oqibatini, hatto, tassavvur qilish ham qiyin”.
Morrisonning quyidagi so‘zlarini “SBS” telekanali iqtibos tarzida keltirgan:
– Bu hodisa natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy tanazzul shu qadar chuqur bo‘ladiki, COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibati ko‘zimizga kichik bosh og‘riq kabi ko‘rinib qoladi. Geostrategik va iqtisodiy oqibat nuqtai nazaridan Tayvan harbiy mojarosi Ukrainanikidan 50 barobar og‘irroq kechadi.
Sobiq bosh vazir fikricha, qit’a aholisining 65 foizi AQSH va Xitoy o‘rtasida Tayvan bahonasida harbiy ziddiyat chiqishi muqarrar, deb hisoblaydi.