Ayni kunda global iqlim o‘zgarishlari tufayli kuzatilayotgan suv tanqisligi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosiliga qanday ta’sir ko‘rsatayotganligi, yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotganligi bilan bog‘liq savollarni keltirib chiqarmoqda.
Bu yuzasidan joriy yilning 20 iyun kuni Suv xo‘jaligi vazirligida “Yangi O‘zbekistonning suv xo‘jaligidagi islohotlar, suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan say’-harakatlar” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda suv tanqisligining salbiy oqibatlari ta’sirini yumshatish maqsadida sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish va ularning foydali ish koeffitsiyentini oshirish, yerlarni lazerli tekislash, suvdan samarali foydalanishga erishish, sohani to‘liq raqamlashtirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni kengaytirish, sug‘orish madaniyatini yuksaltirish ishlari olib borilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar 1,0 mln. gektarga yetkazilgan bo‘lib, shundan tomchilatib sug‘orish 398 ming gektar, yomg‘irlatib sug‘orish 31 ming gektar, diskret usulda sug‘orish 16 ming gektarni tashkil etadi. 73 ming gektar maydon egiluvchan quvur orqali, 36 ming gektar maydon egatga plyonka to‘shab sug‘orilsa, 452 ming gektar yerlar lazerli tekislangan.
O‘zbekiston suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilingan maydonlar bo‘yicha Isroil, AQSH, Rossiya, Ispaniya, Braziliya hamda Italiya davlatidan so‘ng
7-o‘rinni egallab turibdi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa 1-o‘rinni egallaydi.
Shu asnoda joriy yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni 500 ming gektar maydonda joriy etish va 1,5 mln. gektarga yetkazish, jumladan, 260 ming gektarda tomchilatib, 25 ming gektarda yomg‘irlatib, 15 ming gektarda diskret usulda sug‘orish texnologiyasini joriy etish, lazerli tekislash ishlarining yana 200 ming gektarda qo‘llanilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu texnologiyalarni ishlatish orqali 1,9 mlrd. kub metr suv, 100 ming tonna mineral o‘g‘itlar, 13 ming tonna yonilg‘i-moylash materiallari iqtisod qilinadi hamda hosildorlikni o‘rtacha 15-20 sentnerga oshirish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, matbuot anjumanida 2030 yilgacha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan vazifalar yuzasidan ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, 2030 yilga qadar 4,3 mln gektar, ya’ni sug‘oriladigan barcha maydonlar suvni tejaydigan texnologiyalar bilan bilan qamrab olinadi. Xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan nasos stansilaridagi 1750 dona nasos agregatlari energiyani tejovchi nasos agregatlariga, 2100 dona elektrodvigatellar yangisiga almashtiriladi.
Barcha suv olish nuqtalariga “Aqlli suv” qurilmalari o‘rnatilgan holda, suv resurslari raqamli texnologiyalar asosida boshqariladi.
Yana foydalanishdan chiqqan 300 ming gektar sug‘oriladan yerlar foydalanishga kiritiladi.
M.Eshmirzayeva,
N.Abduvoitov, O‘zA