O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, mutaxassislar tayyorlash jarayoni yuzasidan ovozli chat bo‘lib o‘tdi.
Unda Mudofaa vazirligining harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi harbiy ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Munavvarjon Mamayusupovning ta’kidlashicha, yoshlar harbiy xizmatga va harbiy oliy o‘quv yurtlariga qonunchilikda belgilab qo‘yilgan talablarga javob bersagina qabul qilinadi. Yigitlar jismonan sog‘lom ko‘rinsada, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lishi mumkin. Shu sababli harbiy xizmat yoshidagi yigitlarning, eng avvalo, axloqiy, ruhiy holatlari o‘rganiladi, – dedi M.Mamayusupov. – Ham ma’naviy, ham jismoniy tarafdan talabga javob berganidan so‘ng harbiy xizmatga va oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinadi. Hozirgi kunda yurtimizda harbiy xizmatga borish jarayoni pullik emas. Faqatgina bir oylik safarbarlik chaqiruv rezerviga borish pullik asosda amalga oshiriladi.
– Harbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun abituriyentlar qaysi talablar asosida sinovdan o‘tadi? Sinovlar qachondan boshlanadi?
– Harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi o‘quvchilarni saralash va qabul qilish tadbirlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birinchi navbatda, abituriyentning yashash joyidagi tuman, shahar, mudofaa ishlari bo‘linmalariga tanlagan oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish to‘g‘risida ariza beriladi. Bu jarayon 1 fevraldan 31 martgacha amalga oshiriladi. Keyingi bosqichda nomzodlar viloyat mudofaa ishlari boshqarmalarida 31 apreldan 31 mayga qadar grafik asosida ko‘rikdan o‘tkaziladi. Undan keyingi jarayonlarga esa jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kirdi.
Individual psixologik o‘rganish jarayonlari davomida o‘qishga kirish uchun ariza yozgan nomzodlar psixologik jihatdan o‘rganiladi. Buning uchun maxsus test ishlab chiqilgan. Test sinovlari iyul-avgust oylarida amalga oshiriladi va ular viloyat markazlaridagi maxsus yopiq pavilonlarda o‘tkazilishi rejalashtirilyapti.
Nigora Rahmonova,
Abror Sodiqov (video), O‘zA