Jahon matbuotida amerikalik mashhur tadbirkor Ilon Maskning“Starlink” kompaniyasi navbatdagi sun’iy yo‘ldoshlarini koinotga chiqardi, degan xabarlarni tez-tez o‘qiymiz. Ehtimol bu boradagi har qanday yangilikdan xabardor emasdirmiz, lekin aniq ma’lumotlarga ko‘ra, Mask o‘zining “SpaceX”kosmik kemasi orqali shunday sun’iy yo‘ldoshlarning 4 mingtasini allaqachon koinotga olib chiqqan. Yana 40 ming sun’iy yo‘ldosh koinot uzra sayohatga jo‘natilishini kutib turibdi.

Sun’iy yo‘ldosh uchirishdan maqsad dunyoni tez va ishonchli internet aloqasi bilan ta’minlash ekani aytib kelinadi. Kompaniya mijozlarga ulanish uchun qulay terminal va turli tariflar taklif etmoqda. Shunga qaramay, loyiha bilan bog‘liq ko‘plab muammolar hali hal qilinmagan. Masalan, sun’iy yo‘ldoshning boshqa ob’ekt bilan to‘qnashib ketish xavfidan tortib,  astronomik kuzatuvga salbiy ta’sir etishi mumkinligigacha.

Ilon rejasiga ko‘ra, “Starlink”sun’iy yo‘ldoshlari, hatto, zaminimizning eng  uzoq va ovloq joyini ham, ya’ni, butun Yer yuzini yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olishi kerak. Sun’iy yo‘ldosh internetining asosiy afzalligi shundaki, sun’iy yo‘ldosh signalini qabul qiluvchi apparat mavjud bo‘lgan joyda simli yoki simsiz ulanish mahalliy tarmoqqa bog‘liq emas.Axir, bunday xizmat taxminan 35 000 kilometr balandlikda aylanib yuradigan individual geostatsionar sun’iy yo‘ldosh tomonidan taqdim etiladi-da.

Minglab “Starlink” yo‘ldoshidan iborat yulduzlar turkumi Yerga ancha yaqin, taxminan 550 kilometrlik orbitada aylanadi va butun yer sharini qamrab oladi. Har bir sun’iy yo‘ldosh past orbitada bo‘lgani sababli, ma’lumot uzatilishi kechikishi kamroq sodir bo‘ladi.

“Starlink”“o‘lik zona”da ham mobil aloqani ta’minlay oladi.

Tarixga bir nazar

Ilon Mask koinotda 700 sun’iy yo‘ldoshdan iborat yulduzlar turkumini joylashtirish g‘oyasini 2014 yil muhokama qilgan bo‘lsa-da, “Starlink” birinchi marta 2015 yil rasman e’lon qilingan. “SpaceX” 4 mingga yaqin yo‘ldoshni past Yer orbitasiga joylashtirish uchun xalqaro muvofiqlashtiruvchilarga hujjat topshirdi.

Kompaniya “TinTin-A” va “TinTin-B” loyihasining dastlabki ikki sinov kemasini 2018 yil fevral oyida ishga tushirdi. 2019yil 23may kuni “SpaceX Falcon- 9” raketasida ilk 60 ta “Starlink”sun’iy yo‘ldoshi orbitaga olib chiqildi. Hozir yo‘ldoshlar 550 kilometr balandlikda muvaffaqiyatli kezib yuribdi.

O‘shanda Mask 400 ta qurilma uchirilishi internetga keng yo‘lakli ulanishni boshlash imkonini berishini aytgan edi. 2020 yil oxirigacha “SpaceX Falcon” raketasi yordamida Yer orbitasiga 900 dan ortiq yo‘ldosh yuborilgan. Shu bilan birga “Starlink”internet xizmatining beta-versiyasi ham mavjud. Beta-testerlar 150 Mbit/s tezlikni ko‘rsatdi, bu umumiy beta-test uchun e’lon qilingan diapazondan yuqori edi.

“Starlink”dan tijorat maqsadida foydalanish 2021 yil boshlangan. Boshda “Starlink” AQSH, Kanada va Buyuk Britaniyada xizmatning beta-sinoviga kirish uchun 10 mingga yaqin foydalanuvchiga ega edi. 2022 yil oxiriga kelib,“SpaceX”sun’iy yo‘ldoshlari tomonidan taqdim etilgan faol internet obunachilari soni 1 million kishiga yetdi. 2023 yil holatiga ko‘ra, kompaniya 4 ming 300 dan ziyod apparatini koinotga jo‘natdi. Shunga qaramay, oldinda ish ko‘pligi aytilmoqda. Jamoa 12 ming yo‘ldoshni koinotga joylashtirish uchun AQSH Aloqa komissiyasidan ruxsat olgan. Bu hali boshlanishi, tadbirkor yana 30 ming sun’iy yo‘ldoshni fazoga olib chiqish uchun ariza topshirgan.

“SpaceX” hali yangi-yangi sun’iy yo‘ldoshlar uchirishi kerak, chunki qurilma kam bo‘lsa, ko‘p odam ulana olmasligi tabiiy, tezlik pasayib ketadi. Masalan, 2022 yil AQSHda o‘rtacha yuklab olish tezligi allaqachon pasaygan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, “SpaceX” loyihasini kompaniya global ta’sirga erishish yo‘lidagi harakatlardan biri sifatida ham ko‘rish mumkin. Zero, “Starlink”ni nafaqat yuqori tezlikdagi internet uchun, balki geodeziya, meteorologiya, kartografiya sohalarida qo‘llasa bo‘ladi.Qolaversa, “Starlink” aloqa vositasidan harbiy maqsadda foydalanish istiqboli ham allaqachon  ko‘rib chiqilmoqda. Yuqorida “Starlink”internet qamrovi Yer yuzining barcha qismini qamrab oladi, deyildi. Binobarin, sun’iy yo‘ldosh qamrovi  xaritasi hozircha Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya, Eron kabi ba’zi davlatlarni chetlab o‘tadi.

“Starlink”ga ulanish uchun foydalanuvchida terminali diametri taxminan 54 sm va og‘irligi 5 kilogramm kichik oq plastinka bo‘lishi kerak. Bino tomiga o‘rnatish uchun mo‘ljallangan bu moslama sun’iy yo‘ldoshdan ma’lumotni qabul qilish va uzatish vazifasini bajaradi. To‘plam Internetga ulanish uchun kerak bo‘lgan hamma narsa, jumladan Wi-Fi- router, quvvat manbai, kabel va tayanchdan iborat.

Terminalni o‘rnatish oson va har qanday ob-havoda sun’iy yo‘ldosh signalini ushlaydi. Antenna osmonga qaratiladi.“Starlink” sun’iy yo‘ldoshi tepadan o‘tib ketganda, antenna bilan aloqa qiladi va Internetga kirish uchun foydalanuvchi routeriga signal uzatadi. Antenna tez harakatlanayotgan bo‘lsa ham sun’iy yo‘ldoshni kuzatish va aloqada bo‘lish uchun bosqichli massiv texnologiyasidan foydalanadi. Aytgancha, osmon bo‘ylab uchayotgan “Starlink” qurilmasi chiroq “poyezdi”ga o‘xshaydi.

Terminal ob-havoni avtomatik ravishda kuzatib boradi va atmosferadagi har qanday o‘zgarishni hisobga olgan holda aloqa faoliyatini optimallashtiradi.

Dizayn qulayligi va o‘rnatish osonligi tufayli foydalanuvchi tizimni uyida o‘tirib o‘rnatishi mumkin.

Raqiblar mudrab o‘tirgani yo‘q

Albatta, “Starlink” olib borayotgan faoliyat ko‘lami keng, lekin aloqa bozorida monopol ustunlikka ega bo‘lolmasa kerak. Zero, har qanday istiqbolli biznesga shu zahoti raqobatchi hozir-u nozir.

“Starlink”ning asosiy raqobatchilari haqida gap ketganda, mutaxassislar birinchi bo‘lib “Iridium” kompaniyasini tilga oladilar. Mazkur Amerika kompaniyasi 75 sun’iy yo‘ldoshdan iborat “Iridium”sun’iy yo‘ldoshlari turkumini boshqaradi. Shulardan 66 tasi faol, to‘qqiztasi orbitada zaxira sifatida ishlaydi. “Iridium” yo‘ldoshi yordamida portativ sun’iy yo‘ldosh telefoni, sun’iy yo‘ldosh aloqa qurilmasi va o‘rnatilgan qabul qiluvchi qurilmadan butun dunyo bo‘ylab ovozli va ma’lumotli xabarlar yuborish mumkin.

Xitoyning “GalaxySpace”kompaniyasi ham Ilonga kuchli raqobatchi bo‘lishi mumkin. Pekinda joylashgan ushbu kompaniya 2016 yil keng yo‘lakli ulanish sun’iy yo‘ldoshlari xususiy turkumini yaratish maqsadida tashkil etilgan. Sun’iy yo‘ldosh turkumi iste’molchilarga 500 Mbit/s yuklab olish tezligi bilan 5G ulanishini ta’minlashi kerak. 2022 yil mart oyida kompaniya oltita sinov-yo‘ldoshni uchirdi va yer terminaliga keng yo‘lakli ulanishni ta’minlash imkoniyatini namoyish etdi. Kelajakda Xitoy “SpaceX” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatlashish, sun’iy yo‘ldosh yulduz turkumlarini boshqarish uchun past Yer orbitasiga 13 mingta sun’iy yo‘ldosh yuborishga tayyorlanmoqda.
2019 yil “Amazon”kompaniyasi ham internet olamida o‘z o‘rnini egallash, ya’ni “Starlink”ka raqobatchi bo‘lish maqsadida “Project Kuiper”loyihasini yaratdi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad Yerning past orbitasiga minglab sun’iy yo‘ldosh joylashtirish, borish qiyin bo‘lgan joylarni internet bilan ta’minlash. Dastlab, “Project Kuiper”yulduz turkumi 3236 sun’iy yo‘ldoshdan iborat bo‘ladi. Loyihani ishga tushirish 2024 yil boshiga rejalashtirilgan.

Kompaniyaning standart mijoz terminali “Starlink”dan arzonroq bo‘lishi kutilyapti. “Amazon”ning eng katta va eng kuchli korporativ antennasi 48 sm dan 76 sm gacha o‘lchamli va 1 Gbit/s gacha tezlikni ta’minlaydi. Bu taxminan 30 soniya ichida to‘liq metrajli filmni yuqori sifatda yuklab olish uchun yetarli.

Yana bir raqobatchi “Telesat”sun’iy yo‘ldosh aloqa kompaniyasi bo‘lib, 1969 yil Kanadada tashkil etilgan va 1972 yil birinchi sun’iy yo‘ldoshini uchirgan. 2016 yil “Telesat” 1000 kilometr balandlikda, past Yer orbitasida 120 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat “Lightspeed” turkumini yaratishini e’lon qildi. 2020 yil bu rejani 1 ming 600 ga ko‘tardi. “Lightspeed”sun’iy yo‘ldoshini to‘liq joylashtirish 2026 yil, dastlab rejalashtirilganidan olti yil keyin amalga oshirilishi mumkin, chunki loyihani moliyalashtirish bo‘yicha muzokara hali davom etyapti.

Ko‘rinib turibdiki, tubsiz koinot insoniyatga cheksiz imkoniyat taqdim etmoqda. Shu bois yuqorida nomi keltirilgan sanoqli kompaniyalardan tashqari, hali yana yangi-yangi ishtirokchilar paydo bo‘lishi turgan gap. Demak, kelgusida Yer orbitasiga ming-minglab sun’iy yo‘ldosh uchiriladi. Bu insoniyatni xavotirga ham soladi. Xo‘sh, orbitadagi sun’iy yo‘ldosh qanday xavf tug‘dirishi mumkin?

Ko‘p ob’ektlar bir xil orbitada bo‘lsa, tabiiyki, masalan, kosmik chiqindilar bilan to‘qnashish ehtimoli yuqori. Ishdan chiqqan apparat qoldig‘i boshqa sun’iy yo‘ldosh yoki kosmik stansiyaga tahdid solishi, shuningdek, Yerga qulashi mumkin. 2022 yil NASA “Starlink”sun’iy yo‘ldoshlari soni ortishi bilan to‘qnashuv ehtimoli ham ko‘payishidan xavotir bildirgan edi. “SpacyeX” esa o‘z sun’iy yo‘ldoshini har besh yilda bir marta yangilash va kosmik qoldiqdan qochish uchun atmosferada yoqish orqali eski qurilmalarini yo‘q qilishni rejalashtirmoqda. Afsuski, bu usul ham butunlay xavfsiz emas, chunki ayni holatda atmosferaning kimyoviy tarkibi o‘zgarishi mumkin. Qolaversa, mutaxassislar ta’kidlashicha, sun’iy yo‘ldosh turkumlari ilmiy tadqiqotga ham zarar yetkazishi mumkin. Zero,“Starlink” sun’iy yo‘ldoshlari juda yorqin. Apparatlardan chiqadigan yorug‘lik teleskop tomonidan aks ettiriladi, bu fazodagi uzoq ob’ektlarni aniqlashga xalaqit berishi mumkin.

Xullas, hammasini vaqt ko‘rsatadi, chunki ilm-fan bir joyda to‘xtab turgani yo‘q. Buning ham chorasi topilar…

Internet materiallari asosida

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA