O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasining “KAMAZ” kompaniyasi hamkorligida Samarqand shahrida “Kamaz kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Navoiy, Buxoro va Xorazm viloyatlaridan 1200 nafardan ziyod xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishtirok etdi.
– Oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularning xorij texnologiyalarini o‘rganishga imkon yaratish va “KAMAZ” kompaniyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ushbu tadbir tashkil etildi, – deydi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Alisher Norboyev. – Bugungi kunda “KAMAZ” kompaniyasida sinovchi-haydovchi, avtomobillarni ta’mirlash chilangari, avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish kabi mashinasozlik sohasidagi kasblar bo‘yicha 1500-2000 nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlarga ehtiyoj bor ekan. Shu asosda bitiruvchilarni kompaniyada yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirish, ishlash istagida bo‘lgan mutaxassis kadrlarni kompaniya bilan shartnoma tuzishga ko‘maklashilmoqda.
Tadbir davomida “KAMAZ” kompaniyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlardagi oliy va professional ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchilar kompaniyaga shartnoma asosida ishga jalb qilinishi belgilandi.
– Avtomobillarni ta’mirlash chilangarligi yo‘nalishida o‘qiyman, –deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumani kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Davletboy Kengezboyev. – Mehnat yarmarkasida mutaxassislar suhbatidan o‘tib, ishga kirish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Endi diplomni olishim bilan kompaniyada ish boshlayman va xorijda tajribamni oshirib, mashinasozlik korxonasini ochmoqchiman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA