O‘zbekiston Kinematografiya agentligi granti asosida “Yoshlik” studiyasida kinorejissyor Shokir Xoliqov tomonidan suratga olingan “Yakshanba” badiiy filmi 25-Shanxay xalqaro kinofestivali doirasidagi “Osiyoning yangi iste’dodlari” yo‘nalishida oliy mukofot – “Oltin kubok”ka sazovor bo‘ldi.
“Yakshanba” – Shokir Xoliqovning katta kinematografiyadagi debyuti. Ijodkor Kinematografiya agentligi tomonidan ta’sis etilgan 1 milliard 200 million so‘mlik grant bilan taqdirlangan. “Yakshanba” filmi ana shu qo‘llab-quvvatlashning natijasi ekani quvonarli.
Ma’lumki, Shanxay xalqaro kinofestivali nufuzli “A” toifadagi yirik festivallardan sanalib, 1993 yildan buyon o‘tkazib kelinadi.
Festivalning oliy mukofoti “Oltin kubok” bo‘lib, asosiy konkursda 7 ta nominatsiya bo‘yicha g‘olib bo‘lgan filmlarga topshiriladi. Festivalda asosiy konkursdan tashqari yana to‘rtta kategoriyada g‘oliblar aniqlanadi. Bular “Osiyoning yangi iste’dodlari”, “Animatsion film, Hujjatli film”, “Qisqa metrajli badiiy film”, “Qisqa metrajli animatsion film” kategoriyalaridir.
Aytish joizki, yosh bo‘lsa-da, Shokir Xoliqovning bir nechta qisqa metrajli kartinalari respublika va xalqaro miqyosdagi birqator festivallarda g‘olib bo‘lgan.
N.Usmonova,
O‘zA