Bu haqda professional boks musobaqalari oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Xabar berganimizdek, 16 iyun kuni poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida professional boks musobaqalari tashkil etiladi. Kuni kecha ushbu boks oqshomiga tayyorgarlikning borishi, unda qatnashadigan xorijiy davlat ishtirokchilari, O‘zbekiston boks federatsiyasi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.Anjuman avvalida O‘zbekiston boks federatsiyasi hamda Qozog‘iston professional boks komissiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida ishtirok etgan O‘zbekiston professional boks federatsiyasi hamda Qozog‘iston professional boks komissiyasi mutasaddilari, Lift Promotions kompaniyasi vakillari Butunjahon boks ittifoqi (WBC)ning yillik 61-konvensiyasi joriy yilning noyabr oyida Toshkentda tashkil etilishi bo‘yicha rasmiy qaror qabul qilinganini aytdi.
Ta’kidlanganidek, WBC – jahon professional boks olamida o‘z nufuziga ega tashkilot. Uning konvensiya yig‘ini yilda bir marta tashkil etilib, unda WBCga a’zo ikki yuzga yaqin davlatdan rasmiy vakillar, taniqli promouterlar, sobiq va amaldagi jahon chempionlari, professional boksning dunyoga dong taratgan mashhurlari jam bo‘ladi.
Anjumanda aytilganidek, WBCning mazkur yillik 61-konvensiyasining Toshkentda uyushtirilishi masalasi da’vogar shaharlar orasida ovoz berish natijasida hal etildi.
Aytish lozim, ayni paytda qarorgohi Meksikada joylashgan WBC professional boks olamida Muhammad Ali, Mayk Tayson, Leonnoks Lyuis, Meyvezer, Klichko, Menni Pakyao singari o‘nlab ring qirollariga chempionlik kamarlarini tortiq etgan xalqaro boks tashkiloti sanaladi.
Yana bir gap. WBCning bugungacha o‘tkazilgan konvensiyalarining birontasi mintaqamizda tashkil etilmaganini nazarda tutsak, WBCning yillik 61-konvensiyasi poytaxtimizda o‘tishi O‘zbekiston sport olamida, xususan professional boks tarixida o‘ziga xos voqelik, ushbu xalqaro boks tashkilotining kelajak qarorlarining qabul qilinishiga Toshkent hal qiluvchi nuqta bo‘lishi shubhasiz. Demak, Toshkent joriy yilning 12-17 noyabr kunlari jahon boksining eng nomdor yulduzlarini jamlaydi.
Matbuot anjumani davomida yarim og‘ir vazn toifasida (79 kg.) gran-pri turniri chorak finaliga, o‘rta vazn toifasida (72 kg.) yarim final janglariga qur’a tashlash marosimlari uyushtirildi.
Bugun, 15 iyun kunning ikkinchi yarmida poytaxtimizdagi “Frankfort” mehmonxonasida janglarda ishtirok etadigan professional bokschilarning vazn o‘lchash, ko‘z urishtirish (Face to Face) marosimlari o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga 16 iyun kuni professional boks oqshomining markaziy jangi birinchi yarim o‘rta vaznda gran-pri finali hamda WBC Asia kamari uchun hamyurtimiz Mujibillo Tursunov va qozog‘istonlik Dilshat Nurim o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning yana bir markaziy bahsi 53,5 kilogramm vaznda WBA Asia South chempionlik kamari uchun 2019 yilgi jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov va qozog‘istonlik Nurslan Sabirov o‘rtasida kechadi. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Nikaragua, Irlandiya, Chexiya, Tojikiston, Qozog‘iston va mamlakatimizning bir qator nomdor sportchilari reyting janglarida qatnashadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA