To‘shakka mixlangan onaxon bo‘ynimdagi shuncha kredit qarz bilan ko‘z yumsam, nima bo‘ladi, degan iztirobda Bosh prokuraturaga murojaat qilmoqda.

Odatda odamlar moddiy yetishmovchilik tufayli bankdan kredit oladi. Albatta, uy-joy, yengil avtomobillar uchun kreditlar berilayotgani aholiga katta qulaylik yaratdi, lekin kredit tufayli hech kim boshi berk ko‘chaga kirib qolmasligi kerak. Buni nafaqat kredit oluvchi, balki uni ajratayotgan bank ham oldindan chamalashi zarur. Qolaversa, kreditning maqsadli ishlatilishi e’tibordan chetda qolmasligi shart.

Ammo nomiga kredit ochilganu, uning bir so‘mini ham o‘zi qo‘liga olmagan, hech bo‘lmasa, ozgina manfaat ko‘rmagan, biroq uni qaytarishga kelganda barcha mas’uliyat zimmasiga tushib, iztirob chekib yurganlar ham bor.

Navoiy viloyati Nurota tumani “Qizilcha” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Soykechar mahallasida yashovchi Umet Eshboyevaning oilasi ana shunday holga tushgan.

65 yoshli onaxon aslida ro‘zg‘ordagi yetishmovchilik, qolaversa, suv tanqisligi bois bankdan kredit olib, quduq qazdirishni niyat qilgan edi. Hovlisining bir burchagidan beminnat suv chiqib tursa, dehqonchilik qilib, ro‘zg‘orini obod qilmoqchi edi.

Onaxonning fikrlarini oila a’zolari qo‘llab-quvvatladi va ular kelini Sevaraning nomiga kredit oladigan bo‘lishdi. Shu maqsadda “Xalq banki” tuman bo‘limiga murojaat qilishdi.

Bank Sevara Tursunova nomiga 25 million 800 ming so‘m kredit ajratdi. Biroq, kredit mablag‘i S.Tursunovaga emas, balki quduq qazib berishi kerak bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti — “Nur Agro 2020” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Isroil Shukurov hisob raqamiga o‘tkazilgan.

Tadbirkor avvaliga ish boshlaganday bo‘ldi: kredit olmoqchi bo‘layotgan xonadon eshigiga quduq qazish texnikalarini keltirib qo‘ydi. Quduq qazishga joy tanlanib, ish boshlagan edi hatto. Buni ko‘rib suyungan, ish bitishiga ishongan oila vakillari, xususan, Sevara kredit bilan bog‘liq qog‘ozlarga imzo chekib yubordi. Biroq, afsuski, hammasi shundan keyin boshlandi. Hisob raqamiga pul tushgach, tadbirkorning texnikalari “buzilib” qoldi va bu hududdan juftakni rostladi.

– Prezidentimizning har bir oila tadbirkor bo‘lsin, ro‘zg‘orini obod qilsin, degan siyosati tufayli tadbirkorlik qilay, dehqonchilik qilib, ro‘zg‘orga baraka kiritaylik, degan maqsadda kredit olishga jazm qilgandik, – deydi Umet Eshboyeva. – Ochig‘i, kelinimni tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga men majbur qildim. Chunki Nurota tumanida, ayniqsa, bizning hududda ichimlik suvi katta muammo, uni sotib olamiz. Ekinlarni sug‘orishga esa umuman imkon yo‘q. Kelinim Sevara Tursunova “Yoshlar daftari”ga ham kiritilgan. Shuning uchun farzandlarimni qiyin vaziyatdan chiqarmoqchi edim, ammo afsuski, barcha harakatlarimiz teskari natija berdi. Boisi o‘sha tadbirkor ishni bitirmagani yetmaganday, ketganidan keyin qo‘ng‘iroqlarimizga javob bermay ham qo‘ydi. Hozirda bankdan olingan kredit foizlari bilan 40 million so‘mdan oshib ketdi. Uyga majburiy ijro xodimlari kunora kelib, bu pullarni mendan talab qilmoqda. Kelinim bu qiyinchiliklarga chiday olmasdan 2023 yil may oyida ikki nafar nevaramni olib, onasining uyiga ketib qoldi. To‘g‘risi, bu muammolarni ko‘tarish o‘zimga ham og‘irlik qilmoqda. Chunki sog‘lig‘im joyida emas, o‘n yildan beri jigar sirrozi tashxisi bilan hisobda turaman, muntazam davolanishga muhtojman. Bu yoqda turmush o‘rtog‘im ikkimizning pensiyamizni qo‘shganda 2 million so‘mga yetmaydi. O‘g‘lim, kelinim hech qayerda ishlamaydi. Bilishimcha, I.Shukurovning maqsadi boshidan g‘arazli ekan. U tuman “Xalq banki”da ishlovchi “Shahzod” ismli xodim bilan oldindan til biriktirib, bizni shu ahvolga tushirdi. Bo‘lmasa, ular va’da berib, kredit hujjatlarga kelinimga imzo chektirib olmasdi.

Qizig‘i, onaxonning turmush o‘rtog‘i 40 yildan ortiq “Xalq banki” tuman bo‘limida faoliyat yuritgan ekan…  

Oila kreditni to‘laydigan ahvolda emas. Bu voqealar tufayli ko‘p iztirob chekkan onaxonning sog‘lig‘i yomonlashib, to‘shakka mixlanib qolgan.

U.Eshboyeva vaziyatdan chiqish uchun kattayu-kichik idoralarga, huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. Biroq, afsuski, yuzaga kelgan muammoni hal qiladigan mas’ul topilmadi.

Yanada qizig‘i, olingan kreditlarning maqsadli ishlatilishi bilan qiziqadigan bank xodimlari ham shu holatga panja orasidan qaragan.

Mahalla, sektor rahbari onaxon to‘shakka mixlanguncha qayerga qaradi? Axir uning zorlanib bormagan idorasi, chertmagan eshigi qolmagan-ku? 

To‘g‘ri, tuman prokurori S.Tursunovaning manfaatini ko‘zlab, “Nur Agro 2020″ MCHJ rahbariga nisbatan quduq qazib berish majburiyatini yuklash to‘g‘risida da’vo arizasi qo‘zg‘atgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudining 2022 yil 1 iyundagi hal qiluv qarori asosida da’vo talabi qanoatlantirilib, “Nur Agro 2020” MCHJ rahbari zimmasiga tik quduq qazib berish va nasos o‘rnatish majburiyati yuklatilgan.

Taassufki, mazkur ijro hujjati hozirga qadar har xil bahonalar bilan ijro qilinmagan.

Holat bo‘yicha advokat Hamza Bobomurodov firibgarlik alomati bor, deb hisoblaydi. Biroq, shu maqsadda tegishli idoralarga kiritilgan hujjatlar hali ijobatini topmadi.

To‘shakka mixlangan onaxon bo‘ynimdagi shuncha qarz bilan ko‘z yumsam, nima bo‘ladi, degan iztirobda Prezident xalq qabulxonasi, Bosh prokuratura va boshqa idoralarga murojaat qilmoqda.

Kredit tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolgan oilani vaziyatdan chiqarishga ko‘mak ko‘rsatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA