Samarqand shahrida 13-14 iyun kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti ta’lim vazirlarining VII yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Unda ishtirok etish uchun Samarqandga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya respublikalari ta’lim vazirliklari rahbarlari, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi tashrif buyurdi.

Bugun yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri H.Umarova Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan uchrashdi. Uchrashuvda tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va kelgusida uni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ta’lim vazirlarining VII yig‘ilishiga tayyorgarlik va unda muhokama etiladigan masalalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, H.Umarova Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Firudin Gurbanov, Turkiya Respublikasi Milliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Nazif Yilmaz bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.

– O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bilan suhbatimiz samarali bo‘ldi, – deydi Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari Firudin Gurbanov. – Biz Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi va ikki tomonlama hamkorlikni yanada keng ko‘lamda davom ettirish masalalarini muhokama qildik. Umuman, bu kabi uchrashuvlarimiz tarixi, madaniyati, tili, dini, an’ana va qadriyatlari mushtarak bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishga turtki beradi. Ayni paytda biz – turkiy xalqlar ta’lim vazirliklari oldida tarix, adabiyot, jug‘rofiya va boshqa fanlar bo‘yicha birgalikda darsliklar yaratish, ta’limning barcha bosqichlarida faol hamkorlik qilish vazifasi turibdi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Prezidentiga Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida 960 o‘rinli maktab qurib berilayotgani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.

Vazirlar yig‘ilishi oldidan bugun vazirliklar ishchi guruhlarining muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ishchi guruh a’zolari Ta’lim vazirlarining VII yig‘ilishi muhokamasi uchun muhim masalalarni belgilab olishdi.

– Ikki kun davomida Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikning bugungi holatini tahlil qilish va istiqbollarini belgilab olish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Norboyeva. – Vazirliklar ishchi guruhlari bilan yig‘ilish kun tartibiga qo‘yiladigan dolzarb masalalar yuzasidan fikrlashib oldik. Jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, kadrlar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro ta’lim dasturlari va loyihalarida birgalikda ishtirok etish masalalarini vazirlar yig‘ilishiga olib chiqishga qaror qildik. Maqsad – tashkilotga a’zo davlatlarda ta’lim tizimini bugungi kun talablaridan kelib chiqib, rivojlantirish, bu borada o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan.

Tadbir davomida mehmonlar Samarqand shahridagi ta’lim muassasalari va tarixiy-madaniy yodgorliklarda ham bo‘ldi. Turkiy davlatlar tashkiloti ta’lim vazirlarining VII yig‘ilishi ertaga o‘tkaziladi.

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat), O‘zA