Jinoyat kodeksiga voyaga yetmaganlarning jinoyati bo‘yicha tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, 18 yoshga to‘lguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun (o‘ta og‘ir jinoyatlar bundan mustasno) shaxs jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda. shuningdek, voyaga yetmaganga nisbatan tayinlanadigan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati olti oydan bir oyga tushirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, xalqaro umume’tirof etilgan normalarda voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini boshqa shaxslarga nisbatan yengilroq shaklda belgilash ko‘rsatilgan. Xorijiy davlatlarda shaxsning voyaga yetgunga qadar sodir etgan jinoyati uchun sudlanganlik muddatini hisoblashga oid alohida norma belgilangan. Ammo bizning qonunchiligimizda shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun sudlanganligining tugallanishiga oid alohida norma mavjud emas.
Yuqoridagi o‘zgarishlarni o‘zida ifoda etgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ushbu qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan yangiliklar keng jamoatchilik tomonidan ham muhokama qilinib, turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda.
Ushbu qonun loyihasiga mas’ul bo‘lgan deputat Davron Aripov jamoatchilik muhokamalariga nisbatan quyidagicha munosabat bildirdi:
— 18 yoshga to‘lmagan shaxslar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin sudlanmagan deb hisoblanishini Jinoyat kodeksida mustahkamlashga oid qonun loyihasi keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Kimlardir adashib jinoyat yo‘liga kirib qolgan bolalarning “sudlangan”ligi olib tashlanishini qo‘llab-quvvatlasa, yana boshqalar jinoyat qonunchiligidagi liberal norma voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilikning kamayishiga xizmat qilmaydi, degan xulosalarini bildirayotganiga ko‘zimiz tushayapti. Har qanday holatda ham biz, deputatlar tomonidan muhokama qilinayotgan qonun loyihasiga hamyurtlarimizning qiziqish bildirayotganidan, ularga befarq bo‘lmayotganidan mamnunmiz. Zotan, demokratik va ochiq jamiyatda plyuralizm doimo qo‘llab-quvvatlanadi.
Qonun loyihasi uchun mas’ul deputat sifatida aytishim kerak, jinoiy qonunchilikda rag‘batlantiruvchi moddalarning ko‘payishiga qarshi bo‘layotganlarning xavotirlarini ham to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Ehtimol, ular liberal qonunlar jinoyatchiga o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarishiga halal beradi, deb o‘ylashar. Lekin bu qonun loyihasida uchta muhim omilga e’tibor qaratilsa, ularning xavotirlariga o‘rin qolmaydi.
Birinchidan, voyaga yetmagan shaxslar qilgan jinoyati uchun jazosini oladi, ularning jazosidan to‘liq yoki qisman kechib yuborilmaydi.
Ikkinchidan, bu norma o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Misol uchun, Jinoyat kodeksining 118-moddasi (“Nomusga tegish”)ning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs 18 yoshga to‘lgan yoki to‘lmaganidan qat’iy nazar, sudlangan deb hisoblanaveradi.
Uchinchidan, bilib-bilmay jinoyatchiga aylanib qolgan bolaning “sudlangan”ligini yuziga solish bilan jinoyatchilikning oldini ololmaymiz.
Hayotda ko‘p guvoh bo‘lamiz: yomonni yomon ekanligini o‘ziga aytaversak, u yaxshiga aylanib qolmaydi. Yaxshimi-yomonmi, bolaning begonasi bo‘lmaydi. Qilmishi uchun jazosini olgan voyaga yetmagan shaxsdan “sudlanganlik” tamg‘asi olib tashlangan yoshlarda bundan buyon to‘g‘ri yo‘lni tanlashga bo‘lgan ishtiyoq oshishiga umid qilamiz.
Shu bois, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor tamoyillariga mos bo‘lgan qonun loyihasining jamiyat uchun, yoshlarimizning kelajagi uchun ahamiyati katta ekaniga shubha yo‘q. Qolaversa, loyiha endigina birinchi o‘qishda qabul qilindi va uni takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etadi, — deydi deputat.
Darhaqiqat, mazkur qonun loyihasi shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangidan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlaydi, adashgan yoshlarning to‘g‘ri yo‘l tanlashiga turtki bo‘ladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi. O‘zA