Mamlakatimiz muhim o‘zgarishlarga yuz tutgan bir sharoitda bayrog‘imiz bilan bog‘liq normalar o‘zgarishi zarurligi haqida bir necha yildan buyon yozamiz. Nihoyat, yaqinda bu haqdagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihani diqqat bilan o‘qib, xalqimiz kutgan o‘zgarishlar kiritilayotganidan xursand bo‘ldik. Hurmatni saqlagan holda bayrog‘imizdan endi oilaviy bayramlar, yashash yoki ish joylarida, transport vositalari salonida ham foydalanishimiz mumkin. Albatta, tijorat maqsadida emas.
Bayrog‘imizga hurmatsiz munosabatda bo‘lganlarga nisbatan ta’sir choralari yanada kuchaytirilayotganini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda yoping‘ich sifatida, stol, o‘rindiq, stullarga to‘shashga yoki tasvirlashga, qoplama sifatida foydalanish taqiqlanadi. Oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash, kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida foydalanish, bir marta ishlatiladigan va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
TAKLIF
Endi davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan sana — 18 noyabrni xalqimiz dam oladigan bayramlar qatoriga qo‘shish lozim. Bu bugun davlatlar chegarasi, xavfsizligi, mustaqilligiga bo‘lgan xatarlar kuchayayotgan bir paytda muhim hisoblanadi. Bu bilan xalqimizning bayrog‘imizga bo‘lgan munosabati ham o‘zgaradi, ayniqsa, yoshlarimizning vatanparvarligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Ko‘pchilik bu sanalarni eslamasligi, bilmasligi ham haqiqat.
Xalqimizning bayrog‘imizga bo‘lgan hurmatini yanada oshirish, ardoqlab, ko‘ziga surtishida, haqiqiy ma’noda bayramona kayfiyat berishida ushbu taklif muhimdir.
Jahongir ZIYAEV, deputat