Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi “O‘zbek maktabi” tomonidan “Xorijliklar uchun O‘zbek tili” (A2 daraja uchun) darsligi yaratildi.

Kitob o‘zbek tilidan boshlang‘ich bilimga ega qiziquvchilarga mo‘ljallangan. Ushbu darslik A1 daraja uchun mo‘ljallangan darslikning uzviy davomi sifatida to‘rtta til ko‘nikmasi (gapirish, yozish, o‘qish, tinglash) asosida A2 darajasidagi bilimlarni berishni ko‘zda tutadi.

Darslikning yuqori sifati, amaliy ahamiyatini yanada oshirish uchun audio va video materiallar havola qilingan. Bundan tashqari til o‘rganuvchi bir paytning o‘zida o‘zbek madaniyatiga oid so‘zlar, so‘zlashuvda faol iboralar bilan ham tanishtirib boriladi.

Ushbu darslik shu yo‘nalishda yaratilgan mavjud o‘zbek tili qo‘llanmalaridan inglizcha ko‘rsatma va izohlarning berilishi, har bir darsda ishlatilgan so‘zlarning ingliz, fransuz, koreys, turk, rus tillaridagi tarjimasi ko‘rsatilgani bilan ajralib turadi.

Har bir mavzu yakunida berilgan xilma-xil topshiriqlar, QR kodlarda keltirilgan video lavhalar, immitatsion audiolar o‘rganuvchini tanqidiy fikrlashga, nutq vaziyatiga moslashishga, lug‘at materiallar esa so‘z zaxirasini yanada boyitishga xizmat qiladi.

Darslik yordamida til o‘rganuvchilar tanish vaziyatlarda kerakli til vositalarini tanlash, oddiy vaziyatlarda og‘zaki va yozma nutqda fikrlarni uzviy ifoda eta olish singari pragmatik kompetensiyalarni egallashlari maqsad qilingan.

Mazkur darsliklar yordamida xorijliklar mustaqil yoki o‘qituvchi yordamida o‘zbek tilini bemalol boshlang‘ich darajada o‘rganishlari mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qilmoqda.

N.Usmonova, O‘zA