Mansabdor shaxslarning huquqiy xatti-harakatlari va qabul qilgan qarorlari doim ham qonuniy bo‘ladimi? Albatta, bu jarayonda fuqarolar huquqini cheklaydigan qarorlar ham uchraydi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak?

Aynan shunday masalalarda fuqarolarga qulaylik yaratish, huquqlari himoyasi ta’minlanishi uchun mamlakatimizda ma’muriy sudlar tashkil etildi. Ma’muriy sudlar bu borada sud nazoratini ta’minlashning demokratik mexanizmi bo‘lib, davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan ma’muriy sudlar bugungi kunda ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolar hamda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqmoqda.

Oldin bunday ishlar, ya’ni ma’muriy nizolar iqtisodiy, jinoyat, fuqarolik sudlarida ko‘rib kelingan. Bu, albatta, ana shu sudlarda ko‘riladigan ishlar ko‘payishiga va, tabiiyki, odamlarning sud bilan bog‘liq ishlari tezroq ko‘rilishiga to‘sqinlik qilgan.

Hozir har bir tuman va shaharda ma’muriy sudlar tashkil qilingani ishlarni tezkor va sifatli ko‘rib chiqish, fuqarolarning vaqti va mablag‘i tejalishiga imkon bermoqda.

– Har bir sohada ixtisoslashish ish unumi hamda sifati oshishiga xizmat qiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi o‘rinbosari Mo‘min Astanov. –Ma’muriy sudlarning alohida ixtisoslashgan sud sifatida tashkil etilishi ma’muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan ishlarni puxta, yagona sud amaliyotiga tayangan holda ushbu sudga ixtisoslashgan sudya tomonidan ko‘rib chiqilishiga zamin yaratdi. O‘z navbatida, bu mazkur sohada sud amaliyotini umumlashtirish, tahlil etish, tegishli qonun hujjatlarini amaliy yondashuv asosida takomillashtirish, nizolarni kamaytirish, huquqbuzarliklarning oldini olish kabi ishlarda ijobiy natija bermoqda.

Shuni ham aytish o‘rinliki, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni, jumladan, fuqarolarning davlat organlari mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari (harakatsizligi) yoki ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga ta’sir qiladigan qarorlari ustidan shikoyatlarni ko‘rishga oid normalar avval Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslarida mavjud edi. Lekin bu kodekslarda ushbu toifa ishlarni hal etishning protsessual tartiblari to‘liq emas edi.

2018 yil 1 apreldan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi kuchga kirgani jismoniy va yuridik shaxslarni ularning huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga zid bo‘lgan davlat boshqaruvi, o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining noqonuniy qarorlari, harakatlari (harakatsizligi)dan sud orqali himoyalanishi protsessual-huquqiy jihatdan ta’minlandi.

O‘tgan yilda ma’muriy sudlarda 273 mingga yaqin ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish hal etildi. Shuningdek, 11 mingdan ortiq ommaviy-huquqiy munosabatlarga oid nizolar bo‘yicha 6,5 mingga yaqin jismoniy va yuridik shaxsning buzilgan huquqlari tiklandi.

2018 yilning birinchi choragida esa ma’muriy nizolar bilan bog‘liq 4 ming 783 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 3,5 mingga yaqin fuqaroning huquqlari tiklandi.

Ma’muriy sudlar tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ko‘zda tutilgan huqubuzarliklar bo‘yicha 102 ming 481 nafar shaxsga nisbatan 84 mingdan ortiq ish ko‘rib chiqildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini haydovchilarning tezlikni oshirishi, transport vositalarini mast holda boshqarishi, yo‘l harakati qoidalari buzilishi natijasida jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, tegishli hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati kabilar tashkil etmoqda.

Ishlarni ko‘rib chiqish natijasida 73 ming 394 shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma’muriy qamoq va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma’muriy jazolar qo‘llanildi.

Ma’muriy nizolar hayotda istaymizmi-yo‘qmi, baribir uchrab turadi. Muhimi, bu kabi ishlarning sudlarda tezkorlik bilan, ko‘p hollarda sayyor sud majlislari orqali qisqa muddatlarda ko‘rilayotganidir. Ilgari oddiy qoidabuzarlik uchun ham odamlar sudda haftalab, oylab sarson bo‘lganini yodga olsak, bugun sud tizimi inson manfaatlariga mos faoliyat yuritayotganiga amin bo‘lish mumkin.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA