O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 23 aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
O‘zbek va turkman xalqlari azaldan bir daryodan suv ichib, tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelgan. Xalqlarimizni yagona tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, o‘xshash til va urf-odatlar birlashtirib turadi. Bu yaqinlik mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikka asos bo‘lmoqda.
Alohida ta’kidlash joiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida ilk xorijiy tashrifi 2017-yil 6-7 mart kunlari Turkmanistonga bo‘lgan edi. Mazkur tarixiy tashrif O‘zbekiston tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida ahamiyat qaratayotganining yorqin dalili, davlatimiz rahbarining qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga intilishining ifodasi sifatida e’tirof etildi.
Do‘stona uchrashuv va muzokaralarning asosiy natijasi o‘laroq, ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatdan yangi bosqichga – strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning yaqin do‘stligi, o‘zaro samimiy hurmati va ishonchi mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida muhim o‘rin tutmoqda. Prezidentlarning har bir uchrashuvi ikki davlat munosabatlari ko‘lamini yanada kengaytirish imkonini bermoqda. Prezidentimizning o‘tgan yil may va sentyabr oylarida Turkmanistonga amaliy tashriflari chog‘ida ikki davlat rahbarlari uchrashib, hamkorlikning keng qamrovli yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlarining bu galgi uchrashuvi o‘zaro manfaatli va faol muloqotning mantiqiy davomidir.
Tashrifning asosiy tadbirlari Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng davlat rahbarlari tor doirada uchrashuv o‘tkazdilar.
Prezidentimiz Turkmaniston Prezidentini O‘zbekiston zaminida samimiy qutlab, ushbu tashrif mamlakatlarimiz munosabatlari rivojida muhim siyosiy voqea, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan hamkorligimiz izchil rivojlanib borayotganining dalolati ekanini ta’kidladi.
– 2017-yil mamlakatlarimiz hamkorligi rivojida tarixiy yil bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Turkmanistonga uch marotaba tashrif bilan bordi. Bu mamlakatlarimizning strategik darajadagi munosabatlariga yangi sur’at baxsh etdi, erishilgan kelishuvlar amalga oshirilishiga jiddiy turtki berdi. Joriy yilning birinchi choragida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 55 foiz o‘sdi. Bu, albatta, o‘tgan yilgi kelishuvlarimiz natijasidir. Oliy darajadagi bu galgi muzokaralar ushbu sur’atni yanada oshirish yo‘lida jiddiy qadam bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Gurbanguli Berdimuhamedov davlatimiz rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda muttasil taraqqiy etayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
– Turkmaniston va O‘zbekiston tinchliksevar davlatlar, yaxshi qo‘shnilar sifatida tanilgan. Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda ham, o‘zaro aloqalarda ham bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Bugungi muzokaralar o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyatdir. Turkmaniston O‘zbekiston bilan hamkorlikni barcha sohalar bo‘yicha kengaytirishga tayyor, – dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.
Mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash mamlakatlarimiz hamkorligida alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror rivojlanishning samarali mexanizmlarini yaratish tarafdoridir. Mamlakatlarimiz Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha yakdil fikrga ega.
Uchrashuvda terrorizm, ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda xalqaro xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa xavf-xatarlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15-mart kuni Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvini o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun Gurbanguli Berdimuhamedovga minnatdorlik bildirdi.
Muloqotda O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirildi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, neft-kimyo, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistondan Turkmanistonga qishloq xo‘jaligi texnikasi, sarxil va qayta ishlangan meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, qurilish materiallari, kimyo, tayyor tekstil mahsulotlari, turli sohadagi xizmatlar eksport qilinadi. Turkmanistondan yurtimizga neft va neft mahsulotlari, mexanik uskunalar, propilen polimerlari, boshqa kimyoviy tovarlar keltiriladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston iqtisodiyotida hali to‘la ishga solinmagan ko‘plab imkoniyatlar mavjud. Ulardan foydalanib, o‘zaro savdo aylanmasini jadal oshirish va nomenklaturasini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Ikki mamlakat bozorlariga xaridorgir mahsulotlar yetkazib berish, hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. 2020-yilga borib tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollargacha yetkazish uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya faoliyati bu borada aniq amaliy natijalarga erishishda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Mazkur komissiyaning joriy yil 1-mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvi savdo-iqtisodiy aloqalar mustahkamlanishida yana bir qadam bo‘ldi.
Turli darajadagi samarali uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlab, uni amaliy mazmun bilan boyitmoqda. Mart oyida Ashxobodda O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Shu kunlarda poytaxtimizda Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Muzokaralarda bunday ko‘rgazmalarni muntazam o‘tkazish, savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz mintaqada yirik energetik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Yiliga 25 milliard kub metrgacha gaz yetkazish quvvatiga ega Turkmaniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Xitoy gaz quvuri loyihasi shular jumlasidandir.
Transport sohasi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Mamlakatlarimizning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi davlatlar uchun ham tranzit vazifasini o‘tamoqda. Amudaryo ustida qurilgan Turkmanobod – Farab avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari buning tasdig‘idir. Mazkur ko‘priklar Prezidentimizning 2017 yil mart oyida Turkmanistonga davlat tashrifi chog‘ida tantanali ravishda ochilgan edi.
O‘zbek va turkman xalqlarini bir-biriga bog‘lab turadigan tarix, madaniyat va urf-odatlar xalqlarimizning umumiy mulkiga aylangan. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik rivojida mustahkam asos bo‘lmoqda.
O‘zbekiston ta’lim muassasalarida Turkmanistonning 720 fuqarosi tahsil olmoqda. O‘zbekiston va Turkmaniston vakillari ikki mamlakatda tashkil etilayotgan turli madaniy tadbirlar, konsertlar, festivallar va tanlovlar, sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi 2017-yilning sentyabr oyida Ashxobodda o‘tgan V Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdi. Noyabr oyida Turkmanistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazildi. Ushbu tadbir doirasida mamlakatimiz san’at ustalari va madaniyat arboblari ishtirokidagi konsert, badiiy asarlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
O‘zbekistonda turkman millatiga mansub 192 ming aholi istiqomat qilmoqda. Ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Mamlakatimizda turkman tilida dars beriladigan 44 maktab faoliyat yuritmoqda. Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi yo‘nalishida mutaxassislar, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida turkman tili o‘qituvchilari tayyorlanmoqda.
Muzokaralar davomida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, bu orqali mamlakatlarimizning ushbu yo‘nalishdagi raqobatbardoshligini oshirish zarurligi qayd etildi. Qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtomobillar, elektr texnikasi uskunalarini hamkorlikda ishlab chiqarish, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish, chegaraoldi hududlar o‘rtasida savdo-sotiqni oshirish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.O‘zbekistonning Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston gaz quvuri qurilishi loyihasida ishtirok etishi qayd etildi.
Ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Ikki tomonlama hamkorlikni siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, ta’lim va sport sohalarida yanada mustahkamlashga va o‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirishga doir 17 hujjat imzolandi.
Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan transport sohasida hamkorlik to‘g‘risida hamda 2019-2021 yillarga mo‘ljallangan ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo dasturlar, O‘zbekiston va Turkmanistonda savdo uylarini tashkil etish, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risida bitimlar, O‘zbekiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2019-yilga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Ikki tomonlama hamkorlikni qishloq xo‘jaligi, yoshlar, xotin-qizlar masalalari, fan-texnika, kasaba uyushmalari va boshqa sohalarda yanada mustahkamlashga doir hujjatlar qabul qilindi. O‘simliklar karantini sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitim, ikki mamlakat kasaba uyushmalari va xotin-qizlar qo‘mitalari o‘rtasida Anglashuv memorandumlari, yoshlar tashkilotlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi shular jumlasidandir.
Shuningdek, tashrif doirasida oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida va axborot-kommunikatsiya sohalariga oid 15 hujjat imzolandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezidentlar muzokaralar ochiq, samimiy, ishchanlik ruhida o‘tgani, imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Turkmaniston xalqlari manfaatlari yo‘lidagi serqirra va do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
Kunning ikkinchi yarmida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Oliy martabali mehmon hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Shundan so‘ng, Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, Buyuk Yo‘lboshchimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
2017-yil may oyida o‘zbek va turkman xalqlari boqiy do‘stligi hamda qardoshligining ramzi sifatida Toshkent shahrida Maxtumquli nomidagi ko‘cha va unga bag‘ishlangan me’moriy yodgorlik ochilgan edi.
Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov Maxtumquli ko‘chasiga tashrif buyurdi. Prezidentlar mashhur turkman shoiri va mutafakkiri yodgorligi poyiga gul qo‘ydi.
Yaxlit ansamblga aylangan bu xiyobon Gurbanguli Berdimuhamedovda katta taassurot qoldirdi. Turkman xalqi, adabiyoti va madaniyatiga ko‘rsatilayotgan hurmat-ehtirom uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.
Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi sharafiga Maxtumquli ko‘chasida “Ashxobod saylgohi” barpo etildi. Ikki davlat rahbarlari ushbu saylgohning ochilish marosimida qatnashdilar.
Prezidentlar bog‘da yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ikki davlat rahbarlari Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarining ramzi sifatida “Ashxobod saylgohi”ga ko‘chat o‘tqazdi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mamlakatimizga davlat tashrifi davom etmoqda.