Amsterdamda dunyodagi birinchi kamerasiz va ob’ektivsiz fotoapparat taqdim etildi. Bu qurilmaga atrof-muhitni o‘qib, ma’lumotni sun’iy intellektga uzatuvchi antennalar o‘rnatilgan. Aftidan, biz o‘rganib qolgan fotoapparatlar endi tarix javonidan o‘ziga o‘rin qidirmoqda.

Yaqinda gollandiyalik Byorn Karmann ixtiro qilgan “Paragraphica” kamerasi namoyish qilindi. Moslama tasvirga olmaydi, balki suratni hosil qiladi. Bu gajetni Yerga o‘zga sayyoraliklar olib kelganga o‘xshaydi, chunki ob’ektiv o‘rniga o‘rnatilgan o‘rgimchak shaklidagi ayricha foydalanuvchining joylashuvini o‘qiydi va atrofdagi hodisalarni tushunadi. Qurilma olgan ma’lumotini bizga tanish “Stable Diffusion” neyron tarmog‘iga uzatadi. Algoritm bir zumda atrof-muhitning yuqori sifatli suratini yaratadi.
Fotosuratchi so‘rov o‘rnatishi mumkin, neyron tarmoq shu asosda tasvirni yaratadi. Masalan, yomg‘ir qo‘shish, odamlar joylashuvini, kun vaqtini, yorug‘likni o‘zgartirish mumkin. Ishonavering, bu foto san’atining yangi darajasi.

“Paragraphica”da skanerlangan maydon sathi, suratning tiniqligi, donadorligi va ravshanligini sozlaydigan tugmalar mavjud. Asl tasvir fokusi va uslubini ham sozlash mumkin.

“Sun’iy intellekt uchun so‘rov” taklifi har doim qolipda yaratiladi. Kamera ushbu qolipga harorat, joylashuv nuqtasi, burchak, ob-havo va yaqin atrofdagi ob’ektlar haqidagi ma’lumotni kiritadi. Apparat “Raspberry Pi-4” kompyuteri bazasida ishlaydi va barcha ma’lumot 15 dyuymli sensorli ekranda ko‘rinadi. Kamera suratni 1-2 daqiqa kechikib oladi, bu vaqt ichida neyron tarmoqda foto hosil qiladi.

Tirik “Pixar” chirog‘i internetda xitga aylanmoqda

2023 yil aprel oyida “Xiaomi  Xiaomi-13” smartfoni va “Smart Band-8” fitnes-bilak uzugini namoyish qildi. Ushbu matohlar taqdimoti birinchi marta tashkil etilgani yo‘q, faqat “Mijia Pipi” aqlli chirog‘i tadbir ishtirokchilari uchun noodatiy yangilikbo‘ldi, desa bo‘ladi.

“Mijia Pipi” o‘z hayoti bilan yashaydigan va foydalanuvchi imo-ishorasini tushunadigan stol chirog‘idir. Bu qurilma raqsga tushadi, yetaklasangiz ergashadi, xafa bo‘ladi, foydalanuvchining uyiga qaytishidan xursand bo‘ladi va boshqa turli his-tuyg‘ularni namoyon qila oladi. Sun’iy intellektga ega inter faol kamera bilan jihozlangan. Aqlli tizim imo-ishorani, jumladan, kaft va barmoqlarning turli harakatini taniydi. Qo‘l holatini ko‘radi va avtomatik ravishda kuzatib boradi. Tirik va sodiq uy hayvoni kabi egasiga qo‘l cho‘zayotganga o‘xshaydi.

Shift va yorug‘lik yordamida har qanday his-tuyg‘uni ifodalaydigan bu chiroq baxtli bo‘lsa, shiftni silkitib, miltillaydi, g‘amgin bo‘lsa, “boshini xam” qiladi.

Asrimiz o‘rtasida uylar qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

“DailyMail.com” nashri jurnalistlari futurologlardan 2050 yilga kelib odamlar istiqomat qiladigan uylarda qanday inqilobiy o‘zgarishlar yuz beradi, deb so‘rashdi. Shunda mutaxassislar “Midjourney”  tasvirli sun’iy intellekt-generatordan foydalanishdi. Maqsad o‘z farazlari tasvirini namoyish qilish edi. Natija anchayin ajoyib chiqdi.

• Uy issiqni saqlaydigan material bilan loyihalashtiriladi.
• Har qanday sirt muayyan operatsiyani bajaradigan ekranga aylanishi mumkin.
• Uy odamlar nafaqaga chiqishi yoki shunchaki dam olishi uchun ko‘ngil ochar “kapsula”ga to‘ladi.

• Iinson o‘zi iste’mol qiladigan mahsulotni o‘z qo‘li bilan ishlab chiqarishi odatiy holga aylanadi, oziq-ovqat uyda yetishtiriladi.

Raqamli uyni ijaraga berish kompaniyasi rahbari Mayk Ralfs aytishicha, kelajakda uy devori teginish yoki ovozli buyruq berish yordamida tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishi mumkin. Xonalarning bir qismi yoki barcha qavatlar bir tugmani bosish orqali qayta quriladi.

Dubayda “Bugatti” taqdim etgan uy namoyish qilindi

Dubayda “suzuvchi”, shaklsiz bino taqdim etildi. Bu Bugatti qarorgohi.
Ichkarida yangi mashina, besh yulduzli mehmonxona va ko‘p xonali xususiy kvartira sotib olishingiz mumkin bo‘lgan salon bo‘ladi. Uy-joy uchun jami 182 xona – 171 xona va 11 xonadon. Bundan tashqari “Bugatti qarargohi”da  mini-plyajli ochiq basseyn va har bir qavat ayvonida basseyn mavjud.
Osmon o‘par binoda bir vaqtning o‘zida ikki xil lift ishlaydi: biri odamlar, ikkinchisi mashinalar uchun. Ha, garaj, to‘xtash joyi yo‘q, lekin mashina to‘g‘ridan-to‘g‘ri sizning qavatingizga ko‘tarilib, uyingizda saqlanishi mumkin.

Bino qachon topshirilishi haqida ma’lumot berilmagan, biroq ishlab chiqaruvchi veb-saytida mehmonlar va xaridorlar uchun murojaat oynasi allaqachon mavjud.

Saudiya Arabistonida kelajak aeroporti quriladi

Saudiya Arabistoni shimoli-g‘arbiy qismida “Red Sea Project” Qizil dengiz xalqaro aeroporti quriladi. Loyihaning ijtimoiy tarmoq akkauntida qurilish maydonchasidan haqiqiy surat paydo bo‘ldi.

Keng ko‘lamli inshoot nafaqat mu’jizaviy tarzda qurilgan aeroport binosi, balki 50 ga yaqin mehmonxona, 1000 dan ziyod uy va hatto, yaxtalar to‘xtaydigan joyni ham o‘z ichiga oladi. Barcha inshootlar dizayni atrofdagi cho‘l landshaftidan ilhomlanib yaratilgan. Xabar qilinishicha, majmua to‘liq qayta tiklanadigan energiyada ishlaydi.

Konseptual kadrlarga ko‘ra, podshohlik muhandislari kelajak aeroportida juda ko‘p daraxt va nam iqlimli voha yaratishni rejalashtirmoqda. Aqlli tizim bino ichidagi havoni, haroratni nazorat qilib turadi.

2023 yilda eng ko‘p tarqalgan parollardan aslo foydalanmang!

Ekspertlar ta’kidlashicha, 2023 yilda odamlar kiber xavfsizlik haqida ko‘p bor ogahlantirilgan, shunga qaramay, ular haliyam smartfonlari, ilovalari va “Wi-Fi” uchun oddiy yoki bema’ni parollardan foydalanishda davom etmoqda.

“NordPass” kompaniyasi dunyoning 30 mamlakatida 200 ta eng ko‘p tarqalgan omadsiz parollar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ta’kidlanishicha, ushbu parollarning 80 foizini bir soniyaga qolmay buzish mumkin.

Tanishing, 2023 yilda keng tarqalgan parollar:

password

123456

123456789

guest

qwerty

12345678

111111

12345

col123456

123123

“NordPass” 2022 yil ham shunday ro‘yxatni e’lon qilgan edi. Afsuski, natija bo‘lmadi, bu yil ham hech narsa o‘zgarmadi. Demak, haligacha aksariyat foydalanuvchilar parolini o‘zgartirmagan!

Darvoqe, “123456” 2021 yil eng ko‘p tarqalgan parollar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallagan edi, hozir ikkinchi o‘ringa tushib qolgan. Endi “yanada murakkablashgan versiya” – “123456789” ommalashmoqda.

Keksalar uchun xotirani mustahkamlaydigan mahsulot

Yangi tadqiqot o‘z oldiga  ovqatlanish va miya imkoniyati o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash maqsadini qo‘ygan edi. Taxminan, 71 yoshli 3 ming 562 kishi ishtirok etgan uch yillik izlanish shuni ko‘rsatdiki, flavonoidlarga boy parhez qiladigan odamlarda yoshga bog‘liq xotirani yo‘qotish ehtimoli kamroq ekan. Flavonoid – o‘simlik ishlab chiqaradigan maxsus modda bo‘lib, choy, olma va rezavor mevalarda uchraydi. Olimlar kuniga 500 milligramm flavonoid iste’mol qilish keksa xotirani sezilarli darajada yaxshilashini aniqladilar.

Kolumbiya universiteti nevrologiya professori, yetakchi olim Skott Smol ta’kidlashicha, ixtirolar “qarigan ongimizni mustahkamlash uchun turli xil ozuqa zarurligini ko‘rsatib berishga qaratilgan” tadqiqotning bir qismidir.
Olimlar tasodifiy ravishda sog‘lom odamlarni ikki guruhga bo‘lishdi. Ba’zilar har kuni 500 milligramm flavonoid tabletkasini olishdi, boshqalar ham tabletka olishdi, ammo soxta. Tajriba uch yil davom etdi.
Ishtirokchilar bir necha xotira testidan o‘tdi. Shuningdek, diyeta natijasini baholaydigan anketa to‘ldirishdi.

Eng yaxshi natija tanada flavonoidlar dastlabki yetishmasligi kuzatilgan odamlarda ko‘rindi. Ularning xotira ko‘rsatkichi soxta tabletkali guruhga nisbatan o‘rtacha 10,5 foiz va dastlabki natijaga nisbatan 16 foiz oshgan.
Belfast Qirolicha universiteti ovqatlanish va profilaktika tibbiyoti kafedrasi professori Edin Kessidi ushbu tadqiqot “haqiqatan ham muhim” ekani, ayniqsa miya sog‘lomligini yaxshilash uchun zarur dozani “osonlik bilan olish mumkin”ligini ta’kidlamoqda.

Bir piyola choy, olti bo‘lak qora shokolad, bir necha rezavor va olma birgalikda organizmni 500 milligram flavonoid bilan to‘ldirar ekan.

Olimlar Tungus meteoriti haqidagi afsonani “bekor gap”, deyishmoqda

Sharqiy Sibirdagi Cheko ko‘li va 1908 yil Yerga qulagan meteorit o‘rtasidagi aloqa tasdiqlanmadi. Tungus meteoriti hodisasi bir asrdan ko‘proq vaqt davomida tadqiqotchilarni o‘ylantirib kelmoqda. Eslatib o‘tamiz, 1908 yil 30 iyun kuni ertalab “Podkamennaya Tunguska” daryosi yaqinida sirli portlash eshitilgan. O‘shanda turli mamlakatlardagi seysmik stansiyalar kuchli zarba to‘lqinini qayd etgan, ammo hududni o‘rganish hech qanday natija bermagan. Meteor parchalar, go‘yo, bug‘lanib ketgan. Meteorit qulashi natijasida krater paydo bo‘lib, oxir-oqibat Cheko ko‘liga aylandi, degan fikr bor.

Sibir olimlari yaqinda o‘tkazgan tadqiqot bu farazni rad etdi, deb yozdi “RIA Novosti”.

Mutaxassislar ko‘l tubini, shakli va cho‘kindilar qalinligini o‘rganib, ma’lumotni qo‘shni ko‘llar bilan solishtirdi. Ma’lum bo‘lishicha, Cheko meteorit zarbasi natijasida paydo bo‘lishi mumkin emas, chunki ko‘lning pastki cho‘kindilari yoshi juda katta.

Cheko, qo‘shni ko‘llar  singari, Tungus fenomenidan oldin ham mavjud bo‘lgan, yoshi 300-2000 yil deb baholanadi. Bu termokarst jarayoni, ya’ni tagidagi jinslar qulashi natijasida hosil bo‘lishi mumkin, deydi mutaxassislar.

Xitoyning “Adora Magic City” megalayneri suvga tushirildi

Shanxayning “Waigaoqiao Shipbuilding” kompaniyasi tomonidan yaratilgan ulkan sayohat kemasi – “Adora Magic City” (Sehrli Adora shahri) Xitoyda ishlab chiqarilgan shu turdagi ilk kema hisoblanadi.

Ma’lumotga ko‘ra, 135 ming 500 tonnalik megalayner Shanxaydan 6 iyun kuni jo‘nab ketgan. Ma’lum qilinishicha, “Adora Magic City” turli vazifalarni bajarishga to‘liq tayyor. Hozir yakuniy sinov va tekshirish bosqichidan o‘tmoqda.
Megalaynerning xususiyatlari:

• Uzunligi – 323,6 metr;

• Og‘irligi – 135 ming 500 tonna;

• Sig‘imi – 5 ming 246 yo‘lovchi.

“Adora Magic City” har biri 314 kishini sig‘diradigan 20 ta qo‘shimcha ulkan qutqaruv qayig‘i bilan jihozlangan. Kelasi yil xalqaro yo‘nalishga chiqariladi.

Olimlar eng yupqa chipni yaratishdi

Olimlar yarim o‘tkazgichni kichiklashtirishda davom etyapti. Hozir yarim o‘tkazgichlar, har qanday qurilmada ishlaydi: smartfondan tortib, masofadan boshqarish pultigacha. Qirol Abdulla nomidagi fan va texnologiya universiteti tadqiqotchilari bu borada yana bir ajoyib ixtironi namoyish qilishdi: 2D  materialdan foydalangan holda eng mitti chipni yaratdi.

Bu juda nozik material qalinligi bir atomga teng, yengil va noyob optik, elektrik xususiyatga ega. Binobarin, yangi moslamani elektron qurilmaga integratsiyalash oson kechmaydi. Sababi, ishlab chiqarish o‘ta nozik, murakkab yondashuvni talab qiladi. Shuningdek, jarayonni avtomatlashtirish ham qiyin. Shunga qaramay, universitet jamoasi muammoni hal qilishga muvaffaq bo‘ldi: 2D materialni chip ishlab chiqarishga integratsiyalashning yangi usulini ishlab chiqdi.

Hozir jamoa mikrochipning ishlashi va miqyoslanishini takomillashtirish ustida ishlayapti, ushbu texnologiyani qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi sohalarni o‘rganyapti.

Olimlar fikricha, bunday yupqa chipdan egiluvchan smartfon va taqiladigan elektronika, tibbiy asbob, xavfsizlik tizimida foydalanish mumkin. Faqat integratsiya jarayoni uzoq vaqt talab etadi.

Ulkan akkumulyatorli tanker yaratildi

“PowyerX” startapi tarmoqdagi “suzuvchi quvvat banki” laqabini olgan kema konsepsiyasini taqdim etdi.

Kema bortida energiya saqlash tizimi – 96 tagacha ulkan “batareya-quti” joylashgan. Batareyalar 241 MVt/soatgacha toza energiyani saqlaydi va uzoq masofaga tashiy oladi.

“Suzuvchi quvvat banki”ning asosiy xususiyati: uzunligi 140 metr, bir suzishda 300 kilometrga yaqin masofani bosib o‘ta oladi.

Tanker yordamida yaponlar portga toza energiya yetkazib bermoqchi. Kema, ayniqsa, seysmik faollik va boshqa muammolar tufayli yer osti yoki suv osti kabellari orqali energiya etkazib berish imkoni bo‘lmagan hududlar aholisi uchun juda qo‘l keladi.

Barcha akkumulyatorlar Okayama prefekturasida ishlab chiqariladi. Lozim bo‘lsa, bortdagi batareyalar soni ko‘paytirilishi mumkin.

Birinchi tankerning qurilishini

2025 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan

“Lamborghini Purixta” kelajak superkari hammani hayratga solmoqda

Foydalanuvchilar poyga mashinasining ko‘rinishidan mamnun. Yangi superkar surati ijtimoiy tarmoq va messenjerga tarqalib bo‘ldi.

“Lamborghini Purixta” unutilmas futuristik dizaynga ega bo‘lib, oddiy mashinalarga emas, balki ilmiy-fantastik filmlardagi fazoviy kemalarga o‘xshaydi.
Superkar xususiyati:

“Purixta” kabinasi bir kishi uchun mo‘ljallangan, 700 ot kuchidan ortiq quvvatga ega V12 dvigateli bilan jihozlangan, 3 soniyadan kamroq vaqt ichida 0 dan 95 km/soatgacha tezlik oladi, maksimal tezligi 320 km/soatdan oshadi.
Superkarning dizayni burchakli, garchi, barcha asosiy chiziqlar silliq bo‘lsa ham. Bamperdan tepagacha cho‘zilgan shaffof old panel “Lamborghini Purixta”ning yana bir xarakterli detalidir.

Internet materiallari asosida

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA