Nukus shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hamzayev Abdushukur Xudoyqulovichning ishonchli vakili Leyli Seitovaning hududdagi saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Partiya elektorati, mahalliy Kengash deputatlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili saylovoldi dasturning asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirdi. Nomzodning saylovoldi dasturidan o‘rin olgan Orol dengizining halokatli oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, shuningdek, Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish ishlarini jadallashtirish hamda mazkur hududlardagi yashil istirohat bog‘lari maydonlarini kengaytirish masalalari yig‘ilganlar tomonidan ijobiy qabul qilindi.
So‘zga chiqqanlar nomzodning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidlab, barcha saylovchilarni 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Hamzayev Abdushukur Xudoyqulovichga ovoz berishga chorladi.
Aruxan ISMAYLOVA,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Nukus shahar Kengashi raisi.
O‘zA