Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK tomonidan “O‘zbekistonda akkreditatsiya sohasi huquqiy asoslarining mustahkamlanishi va akkreditatsiyaning global savdo ko‘lamini oshirishdagi o‘rni” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi va unda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida so‘z yuritildi.
2023 yil 27 fevralda akkreditatsiya sohasini har tomonlama yaxshilash maqsadida qabul qilingan “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun tizimni yanada takomillashtirishda mustahkam asos bo‘ldi. Ushbu qonun O‘zbekistonning jahon bozorida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashadi va “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” belgisi ostidagi mahsulotlarning eksport bozorlariga chiqishiga imkoniyat yaratadi.
2022 yilning kuzida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” laboratoriyalar akkreditatsiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik – ILAC va Xalqaro akkreditatsiya forumi – IAF kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama bitimlar imzolangan.
2023 yil yanvar-may oylarida jami 167 ta muvofiqlikni baholash organlarida (MBO) inspeksiya nazorati o‘tkazilib, 105 ta akkreditatsiya guvohnomalari tasdiqlangan. 57 ta akkreditatsiya guvohnomalari to‘xtatilgan hamda 5 tasi tugatilgan.
2023 yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash organlari soni 62 tani tashkil etadi.
Nasiba Elibekova, O‘zA