Jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri deb hisoblamoqda. Chunki insoniyatning taraqqiyotga erishish yo‘lida tabiatga nisbatan xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lishi atrof-muhitdagi muvozanatning izdan chiqishiga sabab bo‘ldi. Bu esa qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Bu global muammoning salbiy ta’sirini yumshatishga butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Atrof-muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash ishlari kun tartibidan joy olgan. Iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashish bo‘yicha qator ishlar qilinmoqda.

Sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”, “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi qabul qilindi.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim o‘rin tutuvchi “yashil iqtisodiyot”, “yashil energetika”, “aqlli qishloq xo‘jaligi” tamoyillarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Toshkent davlat yuridik universitetida “Yashil iqlim” va oziq-ovqat mahsulotining sifati hamda xavfsizligini ta’minlashning huquqiy masalalari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Toshkent davlat yuridik universitetining ekologiya huquqi kafedrasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda deputatlar, professor-o‘qituvchilar, doktorant va izlanuvchilar, tegishli vazirlik va idoralar moliya-iqtisod boshqarmalari xodimlari, yurtimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada mamlakat iqtisodiyotida iqlimiy moliyalashtirish mexanizmlari, xususan sug‘urta bozorida iqlimiy xavflarni sug‘urtalash institutini ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

O‘zbekiston Parij Bitimini ratifikatsiya qilgan jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida olingan majburiyatlarni amalga oshirish maqsadida barcha tashkiliy-huquqiy asoslar ishlab chiqilgan.

Xususan, vakolatli davlat organi Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligi deb qayta nomlangani hamda vazirlikka soha bo‘yicha qator qo‘shimcha vakolatlarning berilgani, sohaga oid yangi normativ-huquqiy asoslarning qabul qilinishi bunga yaqqol misoldir.

Xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari tomonidan “Yashil iqlim” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan yangi loyiha doirasida BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magi bilan O‘zbekiston o‘z milliy moslashuv rejasini ishlab chiqayotganligi ma’lumot tariqasida taqdim etildi.

Mazkur loyiha qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, binolar sektori va ekstremal iqlim hodisalarini favqulodda boshqarish kabi muhim tarmoqlarda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilish jarayoni samaradorligini oshiradi. Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga nisbatan eng zaif hisoblangan Orolbo‘yi mintaqalarida joylashgan hududlarni rivojlantirishga yordam beradi.

Tadbirda iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashish uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Xususan, issiqxona gazlarini kamaytirish, ishlab chiqarish va transportda ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish kerak. Tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qayta tiklanuvchi energetika sohasini rivojlantirish maqsadga muvofiq.

Konferensiya yakunida tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

 

N.Abduraimova, O‘zA