Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1988 yil 31 may kuni Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan. Shu munosabat bilan Nukus harbiy sudi hamda harbiy prokuraturasi tashabbusi asosida Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosida “Kashandalik – sog‘lik kushandasi, umr zavoli” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu sananing global maqsadi hozirgi va kelgusi avlodni tamakining nafaqat sog‘liq uchun salbiy jihatlari, balki ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy zararidan himoya qilishga qaratilgan. Tamaki chekish hamma zararli odatlar orasida eng ko‘p tarqalganidir. Insonning zamonaviy hayot tarzida, kashandalik ko‘pgina surunkali kasalliklarni keltirib chiqaruvchi, ish qobiliyatini pasaytiruvchi, nogironlikni va o‘limga sabab bo‘luvchi xavfli omillarning asosiylaridan biri bo‘lib bormoqda. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining bayonnomalariga asosan, jahonda bir yil davomida 5 million kishi tamaki chekish bilan bog‘liq kasalliklar tufayli hayotdan ko‘z yumadi.
Bugun dunyoda tamaki chekuvchilar soni 1,6 milliardga yaqinlashgan. Ushbu muammoga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li sog‘lom hayot kechirishni tanlashdir. Mutaxassislar fikricha, sog‘lom turmush tarzini yaratishda avvalo tamaki mahsulotlari iste’moliga chek qo‘yish zarur. Undagi nikotin moddasi inson salomatligi uchun xavfli bo‘lib, yurak, qontomir, nafas a’zolari kasalliklarini keltirib chiqarishi, organizmda xavfli o‘smalar paydo qilish ehtimoli kuchli.
Seminarda mutasaddilar tomonidan mavzuga oid ma’lumot va tushunchalar berildi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri