Chet el futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz berilmoqda. Futbol sohasini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qator tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz joriy etiladi.
Bu Senatning qirq birinchi yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonunda o‘z ifodasini topgan.
Majlisda yoshlarni futbolga keng jalb etish, futbol sohasida xalqaro talablar va standartlar asosida iqtidorli o‘yinchilar tayyorlashning samarali tizimini yaratishga e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun sifatli sport zaxirasini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Shuningdek, sohada marketing va zamonaviy boshqaruv mexanizmlaridan samarali foydalanish maqsadida amaldagi soliq imtiyozlarining amal qilish muddatini uzaytirish zarurati mavjud.
Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun bilan Soliq kodeksiga 2023 yil 1 yanvardan 2026 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublariga barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno) to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Jalb qilingan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz berilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari hamda sohani qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qator tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash bekor qilinmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi va professional futbol klublarining moliyaviy ahvolini yaxshilash, xorijiy yetuk mutaxassislarni jalb qilish orqali sohadagi mutaxassislar malakasini oshirib borish, shuningdek, xususiy professional futbol klublarini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi futbol klublari faoliyatini rivojlantirishga, terma jamoalar uchun o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etishga, mamlakatimizda futbol bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalarni, shu jumladan, o‘smirlar, yoshlar va xotin-qizlar jamoalari o‘rtasida jahon hamda qit’a birinchiliklarini yuqori darajada tashkil etishni ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA