Aholi turmush farovonligini yuksaltirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish orqali ish o‘rinlarini yaratish maqsadida Qoraqalpog‘istonning har bir tumani respublikamiz viloyatlariga biriktirilgan. Qonliko‘l tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga mas’ul etib Sirdaryo viloyati belgilangan.
Yillar silsilasida toblangan bugungi Qonliko‘lda yangi hayot, yangi imkoniyat eshiklari ochilmoqda. Bu yerda keyingi ikki yilda aholi kundalik hayot tarzi uchun muhim bo‘lgan sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan ishlar ko‘lami oshgan. Qayd etish lozimki, hudud obodligi, el farovonligi yo‘lidagi islohotlarda sirdaryoliklar ham faol qatnashmoqda. Mahalliy mas’ullar bilan hamkorlikda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy holati, salohiyati va imkoniyatlari o‘rganib chiqildi.
Qonliko‘l asosan qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hudud ekanligini inobatga olib, yangi yerlarni o‘zlashtirish, suv olib kelishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni kunga qadar 358 kilometr irrigatsiya tarmoqlari va kollektorlar tozalandi. Ikkita yangi nasos stansiyasi ishga tushirilib, 53 gektar yer maydoni o‘zlashtirildi.
Shuningdek, bog‘dorchilik, polizchilik, chorvachilik, issiqxona xo‘jaliklari tashkil etish borasida ham salmoqli ishlar bajarildi. Jumladan, Arzimbetqo‘m, Qosjap, Qonliko‘l va Janaqala OFYlarda yashovchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga 1 sotixdan yer maydonida issiqxona qurib berildi. Shu orqali, 100 xonadonning uy sharoitida qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratildi.
Arzimbetqum OFYda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 20 ming dona manzarali va mevali ko‘chatlar hamda 3,5 million dona qalamchalar ekilib, 5 gektar maydonda Sirdaryo-Qonliko‘l “Do‘stlik bog‘i” barpo etildi. E’tiborlisi, bog‘ qator oralariga qovun ekilishi qoraqalpoq diyorida qovunchilikda “Sirdaryo tajribasi”ni keng ommalashishiga xizmat qilmoqda.
Ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida Madaniyat OFYda ikki xalqning tarixiy orzu-intilishlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan, qurilish arxitekturasi jihatidan zamonaviy va milliy me’moriy yechimga ega “Sayxun va Jayxun” ma’naviyat va ma’rifat maskani bunyod etildi. Chekka mahallalarda zamonaviy hammomlar qurildi. Yangi quvurlar tortilib, ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Ta’mirtalab ko‘chalarga qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi.
Sirdaryolik tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida qiymati 573,9 milliard so‘mlik dastlabki 14 loyiha shakllantirildi. Tuman aholisining ijtimoiy muhofazasi ham nazardan chetda qolgani yo‘q, albatta. Ushbu toifadagi oilalar uchun turli madaniy tadbirlar, sayohatlar uyushtirish bilan birga, ularni viloyatdagi sihatgohlarda sog‘lomlashtirish choralari ko‘rildi. Qisqacha qilib aytganda yordam ko‘rsatish ko‘lami keng. Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
Ayni kunda Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, tuman va shahar hokimlari, tadbirkor-fermerlar, madaniyat va san’at xodimlari, nuroniylar hamda bir guruh yoshlar Qonliko‘l tumanida bo‘lib turibdi. Tashrifning birinchi kuni davomida mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yetti xil turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
“Jayhun” o‘yingohida “Yangi O‘zbekistonda madaniyatimiz va do‘stligimiz abadiy bo‘lsin” shiori ostida bo‘lib o‘tgan konsert dasturida madaniyatlar birlashdi, deyish mumkin. Konsert avvalida qonliko‘llik yoshlar yetakchilariga faoliyati davomida foydalanish uchun Sirdaryo ahli nomidan tuhfa sifatida umumiy qiymati 100 million so‘m bo‘lgan noutbuk, ovoz kuchaytirgich va sport anjomlari tantanali topshirildi. El suygan san’atkorlarning xalqlarimiz do‘stligini tarannum etuvchi chiqishlari, dilrabo kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Sirdaryo viloyati vakillarining Qoraqalpog‘istonga safari davom etmoqda.
Sh.Suyarov,
Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA