Soliq qo‘mitasining ma’lum qilinishicha, joriy yilning 4 oyi davomida eng ko‘p soliq imtiyozi “UzAuto Motors” AJ va “Uzbekistan Airways” AJga berildi.
Qayd etilishicha, 2023 yil yanvar-aprel oylarida ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 74 638 ta yuridik shaxs tomonidan 12,2 trln. so‘mdan ortiq soliq to‘langan.
Eng ko‘p soliqni (1,51 trln. so‘m) “O‘zbekneftgaz” AJ to‘lab, 20,9 mlrd so‘m soliq imtiyoziga ega bo‘lgan. Hisobotda keltirilishicha, mamlakatda mashina ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “UzAuto Motors” AJ davlatga 305,5 mlrd. so‘m soliq to‘lagan. Unga 198,6 mlrd. so‘m soliq imtiyozi berilgan.
Shuningdek, mazkur vaqt davomida xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 161 543 ta yuridik shaxs tomonidan 6,3 trln. so‘mdan ortiq soliq to‘langan.
Ular orasida eng ko‘p soliq to‘lagan (338,6 mlrd. so‘m) korxona “Uzbektelecom” AJ bo‘lib, u 63,9 mlrd. so‘m soliq imtiyozini olgan. Shu qatorda “Uzbekistan Airways” AJ 215,1 mlrd. so‘m soliq to‘lab, 508 mlrd. so‘m soliq imtiyoziga ega chiqqan.
Sh. Mamaturopova, O‘zA