Qo‘rquv — yomon oqibatlardan saqlaydigan ajoyib vosita. Lekin, u tomog‘imizga tiqilib qolgan ichki ovoz va to‘siqdir. Halovat — insonga zarur bo‘lgan eng qimmatli resurs.
Ba’zida qo‘rquv oddiy noqulaylik chegarasidan chiqib, fobiyaga aylanadi. Mana shunday eng g‘aroyib fobiyalarni bilasizmi?
Kakofobiya — yomon vaziyatlardan qo‘rqish. Odamlar yomon vaziyatlarga tushib qolmaslikka harakat qiladi, zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalardan uzoqlashadi. Ammo kakofobiyasi bor odam buning oldini olish uchun ko‘proq harakat qiladi. Agar ular yomon vaziyatlarga tushib qolsa, tez-tez nafas olish, yurak urishining tezlashishi, ko‘ngil aynishi, terlash, titroq, vahima hujumlari va qochishga undash kabi alomatlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, bu atama “xunuklikdan qo‘rqish” degan ma’noni ham anglatadi.
Gippopotomonstrosesquipedaliofobiya — 35 harfdan iborat, lug‘atdagi eng uzun so‘zlardan biri bo‘lib, istehzoli tarzda uzun so‘zlardan qo‘rqishning nomidir. Insoniyatning 3-15 foiziga ta’sir qiladigan bu fobiyaning yana bir nomi — sesquipedalofobia. Amerika Psixiatriya assotsiatsiyasi bu fobiyani rasman tan olmaydi. Uzun so‘zlardan qo‘rqish kamdan-kam uchraydi va uning alomatlari boshqa ko‘plab kasalliklarni aks ettirishi mumkin, shuning uchun ruhiy salomatlik bo‘yicha malakali mutaxassisdan maslahat olish juda muhimdir.
Mageyrokofobiya — taom tayyorlashdan qo‘rqish. U turli shaklda bo‘lishi mumkin. Ba’zi odamlar faqat katta guruhlar uchun pishirishdan qo‘rqsa, boshqalari o‘zi uchun tuxum ham pishira olmaydi. Bu o‘ziga xos fobiya, ya’ni u muayyan vaziyatdan qo‘rqishni keltirib chiqaradi. Ba’zan, yong‘indan qo‘rqish tufayli paydo bo‘lishi mumkin.
Eyzotrofobiya — ko‘zgudan yoki o‘zini ko‘rishdan qo‘rqish. Ko‘zgular kundalik hayotning bir qismidir. Ular tasvirlarini ko‘rishga yordam beradi va transport vositalaridagi oynalar xavf-xatardan himoya qiladi. Eyzotrofobiyada odamlar o‘z-o‘zini tasvirlash muammolari tufayli undan qo‘rqishadi, ko‘zgu haqida o‘ylash kuchli tashvishga olib keladi.
Bu fobiya shakllanishiga bir nechta sabablar mavjud bo‘lib, genetika, o‘tmishdagi baxtsiz hodisa va ba’zi madaniy e’tiqodlar shu jumladandir. Ko‘pgina kishilar olamdan o‘tgan yaqinlarining ruhi ko‘zgularda kezadi yoki tuzoqqa tushadi, deb ishonadi.
Logofobiya — har qanday noto‘g‘ri yozilgan, ishlatilgan yoki talaffuz qilingan so‘zlarga duch kelganda, tashvishlanadigan va titraydigan holat. Bemorda vahima qo‘zg‘aydi, terlaydi va hatto jamoat joylarida gapira olmasligi mumkin. Logofobiya aslida so‘zlardan chuqur, doimiy va g‘ayritabiiy qo‘rquv sifatida tavsiflanadi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jim turish yaxshi. Biroq, haqiqiy hayotda bu unchalik oddiy ish emas. Jabrlanuvchi hamma joyda so‘zlarni ko‘radi va sukunat butunlay jimlikni aks ettirmaydi.
Insoniyatga xos qo‘rquv turlarini olimlar turlicha talqinlar bilan aniqlashgan. Yuqoridagi kabi qo‘rquvning yana ko‘plab turlari mavjud.
Agorafobiya — xavfsiz muhitdan chiqmaslik
Talassofobiya — okean, ochiq suvlardan qo‘rqish
Halitofobiya — yomon hiddan qo‘rqish
Neofobiya — yangi narsadan qo‘rqish
Evfobiya — xushxabardan qo‘rqish
Fobofobiya — fobiyaga ega bo‘lishdan qo‘rqish
Siderofobiya — yulduzlardan qo‘rqish
Plutofobiya — puldan qo‘rqish
Aurofobiya — oltindan qo‘rqish
Nomofobiya — telefonsiz qolishdan qo‘rqish
Linonofobiya — ipdan qo‘rqish
Kriyofobiya — haddan tashqari sovuq yoki muzdan qo‘rqish
Ergofobiya — ish yoki ish joyidan qo‘rqish.
Kakorrafiofobiyav — muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqish.
Pupafobiya — qo‘g‘irchoqlardan qo‘rqish.
Pediofobiya — tirikdek ko‘rinadigan qo‘g‘irchoqlar yoki jonsiz narsalardan qo‘rqish.
Desidofobiya — qaror qabul qilishdan qo‘rqish.
Dono xalqimizda “Qo‘rqqanga qo‘sh ko‘rinadi”, degan ibora bor. Shunday ekan, avvalo yuragingizni har qanday qo‘rquvga asir qilib qo‘yishdan saqlanish avvalo o‘zingizga bog‘liq. Buning uchun esa inson o‘zini biror yumush, ilm yo hunar bilan ovutsa hech bir vahimaga “chuv” tushmaydi.
Azizaxon ANVARXONOVA,
O‘zJOKU talabasi