Ayni kunlarda AQSHning Los-Anjeles shahrida “Cine Gear Expo 2023» texnologiya, ko‘ngilochar va media sanoati xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tadbir  kino va televideniye havaskorlari hamda professionallari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda yangi texnologiyalar bilan tanishish, qisqa metrajli filmlarni tomosha qilish mumkin.
Quvonarlisi, 60 dan ortiq davlatdan kelgan ishtirokchilar orasida o‘zbekistonlik ijodkorlar ham bor. Yurtimizning  «9999» studiyasi Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman” qo‘shig‘iga suratga olingan videoklipi bilan “Musiqiy va qisqa metrajli filmlar” nominatsiyada ishtirok etdi va xalqaro ko‘rgazmada “Eng yaxshi klip” deb e’lon qilindi.

Rejissyorlar Nodir va Xurshid Sobirov tomonidan ishlangan ushbu klip mutaxassislar va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgan.
Ko‘rgazma ushbu sohadagi yangi texnologiyalar va ish uslublarini o‘rganish istagida bo‘lgan kino va televideniye sohasi mutaxassislari hamda havaskorlarini o‘z atrofida  birlashtiradi.

“Cine Gear Expo”  ko‘rgazmasida o‘z tajriba va bilimlarini tomoshabinlar bilan baham ko‘radigan soha yetakchilarining chiqishlari tashkil etilmoqda. Stiven Poster, Lourens Sher, Ava Berkovskiy va boshqalar shular jumlasidan. Ular kino va televideniye bilan bog‘liq turli mavzularni, masalan, yangi texnologiyalar, ish uslublari, ijodiy yondashuvlar, malaka oshirish va boshqa muhim mavzularni muhokama qilmoqda.
Filmlar tanlovi ko‘rgazmaning bir qismi bo‘lib, unda yangi texnologiyalar va ijodiy yondashuvlar yordamida suratga olingan qisqa metrajli filmlar namoyish etiladi.
Tanlov uchta toifaga bo‘lingan — reklama/musiqiy videolar, mustaqil qisqa metrajli filmlar va talabalar filmlari.
Filmlar soha mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan o‘ziga xoslik, syujet, rejissyorlik, kinematografiya va boshqalar kabi turli mezonlar bo‘yicha baholanadi.
G‘oliblar “Sony”,  “Canon”,  “Panasonic”,  “Blackmagic Design” va boshqa homiylar tomonidan mukofotlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.

    N.Usmonova, O‘zA