Sug‘dlik tadbirkorlar Samarqandga keldi

Samarqand shahrida 21 aprel kuni Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasining Sug‘d viloyati tadbirkorlari ishtirokida biznes-forum o‘tkaziladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 9-10 mart kunlari Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat hududlari o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishilgan edi. Shunga muvofiq, dastlabki biznes-forum Samarqand shahrida tashkil etilmoqda.

6.JPG

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda Samarqand viloyatidan qo‘shni mamlakatga 9 million 533 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda bu raqam bir necha barobar yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Davlatimiz rahbarining Tojikistonga tashrifi doirasida Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasida Samarqand viloyatidan 20 ga yaqin tadbirkorlik subyekti ishtirok etib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha shartnomalar imzoladi.

13.JPG

– Ko‘rgazmada korxonamizda tayyorlanayotgan tibbiy va sport jihozlari, ta’lim muassasalari uchun mebellarga Tojikiston sog‘liqni saqlash, ta’lim va qurilish vazirliklari, bir qator korxonalar tomonidan katta qiziqish bildirilgan edi, – deydi Samarqand tumanidagi “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyati boshqaruvi raisi O‘.Saidmurodov. – Samarqandda o‘tkaziladigan biznes-forum hamkorlik aloqalarimizni izchil yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyat bo‘lishi shubhasiz.

Biznes-forumda ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurgan Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi delegatsiya a’zolari 20 aprel kuni Urgut tumanidagi “Jartepa” o‘tkazish punktida Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev va keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi.

Tadbir doirasida Sug‘d viloyati tadbirkorlari Samarqand viloyatidagi yirik sanoat korxonalari, fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishadi. Tarixiy-madaniy obidalar, diqqatga sazovor maskanlarni tomosha qiladi.

Shuningdek, ikki mamlakat san’atkorlari ishtirokida konsert dasturi, Samarqand viloyatining “Dinamo” hamda Sug‘d viloyatining “Xo‘jand” futbol jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi va boshqa bir qator madaniy tadbirlar rejalashtirilgan.

 

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) O‘zA