Ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat va turizm vazirining “Koba san’at majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ta’sischisi ekaniga oid xabarlar keng muhokama qilinmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holat yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.
O‘rganish mobaynida 2016 yil 16 martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Koba san’at majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Ozodbek Nazarbekov haqiqatan ham yuz foizlik ulush bilan ta’sischi ekani ma’lum bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro‘yxati to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlangan.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.
“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati sub’ektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati sub’ektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi belgilangan.
Agentlik axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, qonunchilikka nomuvofiqlik bartaraf etilib, “Koba san’at majmuasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi o‘zgartirildi.
Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga qat’iy rioya qilinishini hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini ta’minlash choralarini ko‘rish yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
N.Abduraimova,
O‘zA