Rossiya Prezidenti Vladimir Putin turkiyalik hamkasbi Rejep Tayyip Erdog‘anni davlat rahbari etib qayta saylangani bilan tabrikladi. Bu haqda Kreml saytida chop etilgan xabarda aytiladi.
“Aziz do‘stim, prezidentlikka qayta saylanganingiz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qiling”, deb yozgan Putin.
Putin Erdog‘anning saylovlardagi g‘alabasini uning davlat rahbari sifatidagi “fidokorona mehnati”ning “tabiiy natijasi”, deb atadi.
Bu prezidentning Turkiya davlat suverenitetini mustahkamlash va Anqara tomonidan mustaqil tashqi siyosat olib borish borasidagi sa’y-harakatlarini “turk xalqi qo‘llab-quvvatlaganining yaqqol dalilidir”, degan Rossiya yetakchisi.
“Turkiya prezidenti bilan xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan konstruktiv muloqotimizni davom ettirishga tayyorligimizni tasdiqlamoqchiman. Sizga chin qalbimdan davlat rahbari sifatidagi mas’uliyatli faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, mustahkam sog‘liq va farovonlik tilayman”, deya yakunlaydi qutlovini Putin.
O‘zA