Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida qator vazifalar belgilanib, bu borada tizimli ishlar keng yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mazkur Murojaatnomada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 27-28 may kunlari Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Taxiatosh tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi, Nukus harbiy prokuraturasi hamkorligida tumandagi uyushmagan yoshlar bilan “Jasorat maktabi” harbiy-vatanparvarlik o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.
“Nukus” umumqo‘shin poligonida bo‘lib o‘tgan yig‘inga 200 nafar yoshlar jalb etildi. Ikki kunlik yig‘in yoshlarning hayotiga keskin o‘zgarish olib kirgani shubhasiz. Harbiylar bilan bir safda bo‘lish, ularning hayoti bilan yaqindan tanishish, suhbatlashishning o‘zidayoq yoshlar harbiy sohaga qiziqish bildira boshladi.
O‘quv yig‘inning birinchi kunida yoshlar poligon saf maydonida saflanishdi. Ochilish marosimida Taxiatosh tumani hokimi Daniyar Kurbanov so‘zga chiqib, bu o‘quv yig‘ini yoshlarning hayotida katta maktab vazifasini o‘tashi mumkinligi haqida gapirarkan, ularga omad va zafarlar tiladi.
Harbiycha yo‘riqnoma olgandan so‘ng yoshlar to‘rt guruhga ajratilib, o‘quv nuqtalariga tarqatildi. Harbiy mutaxassislar jangovar tayyorgarlikning asosiy fanlaridan mashg‘ulotlar o‘tishdi, yoshlar ham bevosita mashg‘ulotlar ishtirokchisiga aylandi. Harbiy estafeta o‘yinlari hamda arqon tortish musobaqasi o‘quv yig‘inida haqiqiy “jang maydoni”ga aylandi.
Yig‘in doirasida “Prokuror va yoshlar” uchrashuvi, xalqaro harbiy o‘yin va musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan harbiy sportchilar ishtirokida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusida motivatsion treninglar o‘tkazildi. Harbiylikka qiziqish bildirgan yoshlarga bu sohaga kirib kelishning tartibi batafsil tushuntirildi.
Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasi, “Xurliman” raqs ansamli, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti ijodiy guruhining sho‘x-shodon kuy va qo‘shiqlari yig‘in ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Askarning bir kunlik kundalik rejasiga muvofiq yoshlar bilan olib borilgan yig‘inning kechki vaqtida yozuvchi Baxtiyor Abdug‘ofurning “O‘zbek qizi” nomli asariga ishlangan film namoyish etildi. Gulxan atrofidagi kun taassurotlari hokim va harbiylar bilan “feedback” ko‘rinishidagi samimiy va unutilmas xotiralarga boy suhbatga, jonli ijrodagi Vatan madhini tarannum etgan qo‘shiqlarga ulandi.
Shu kuni yoshlarga harbiylar yotoqxonasidan joy ajratildi. Yosh pahlavonlar tunni poligonda o‘tkazishdi.
Yig‘inning ikkinchi kunida yoshlar Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyati bilan tanishdi.
Muhtasham binoda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov ishtirokida “General va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Qo‘mondonning har bir so‘zini o‘ziga pandu-nasihat va o‘git deb bilgan yoshlar uchrashuvdan mamnun bo‘lishdi. Okrugda tashkil etiladigan navbatdagi “Jasorat maktabi”da o‘qish istagini bildirishdi.
Yig‘in so‘ngida faol ishtirokchilar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy kasbga qiziqtirish, jamoada o‘z o‘rniga egaligini shakllantirish va bir qator ezgu maqsadlarni ko‘zlagan mazkur o‘quv yig‘in ezgu natijalarga erishdi. Zero, yoshlarning buguni ularning kelajagiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Yoshlar tarbiyasiga esa barchamiz birdek mas’ulmiz.
Temur NARZIEV,
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot
xizmati boshlig‘i, podpolkovnik.
O‘zA