“Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Prezident farmoni bilan 2023 yil 1 sentyabrdan aholi tomonidan Energetika vazirligining Internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi. Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, O‘zenergoinspeksiya faoliyatiga “Energonazorat” platformasi hamda uning mobil ilovasining sinov versiyasi 2024 yil 1 martgacha tajriba tariqasida Qashqadaryo viloyatida, 2024 yil 1 oktyabrgacha to‘liq versiyasi joriy etiladi.

 

O‘zA