Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda uning tizim tashkilotlariga 2022 yilda jami 384,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shundan 68 foizi og‘zaki, 23,8 foizi elektron va 8,2 foizi yozma murojaatlarni tashkil etadi.

Mehnat sohasidagi murojaatlarni “bir darcha” tamoyili asosida tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha tajriba sinov tariqasida Mehnat sohasidagi murojaatlarni va nizolarni o‘rganish markazi – “Mehnat-M markazi” tashkil qilingani natijasida 2022 yilda 41 ming 150 ta qonun buzilishlar bartaraf etilib, fuqarolarning mehnat huquqlari tiklangan. Shundan 623 nafar noqonuniy ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklangan.

Shu bilan birga, vazirlik tizimida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjud. O‘tgan yilda murojaatlarni ko‘rib chiqishda kamchilik va qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ygan 277 nafar mas’ul xodimga nisbatan tegishli intizomiy choralar ko‘rilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotgani bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar” yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining axboroti eshituvida ushbu raqamlar qayd etildi.  Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Erkin Muhitdinov  deputatlaring savollariga javob qaytardi.

Yig‘ilishda 2023 yil 1-chorakda murojaatlar soni ko‘paygani aytildi. Jumladan, joriy yilning dastlabki uch oyida jami 106 ming 558 ta murojaat tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7 foizga ko‘pdir.

Xalq vakillari eshituv davomida mamlakatimizda har bir soha va yo‘nalishda fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va to‘liq o‘rganish hamda ular yuzasidan qonuniy choralar ko‘rishga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, vazirlik tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash holatini yanada yaxshilash, unga mas’ul bo‘lgan xodimlarning malakasi va mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berildi.

M.Komilova, O‘zA