O‘zsanoatqurilishbank Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlarida biznes uchun eng yaxshi internet-banking xizmatlarini joriy qilgan moliya muassasalari qatoridan o‘rin oldi.
“SME Banking” agentligi Sharqiy Yevropa, Kavkaz hamda Markaziy Osiyoda kichik va o‘rta biznes uchun masofaviy xizmatlar samaradorligiga baho beruvchi “Business Online Banking 2023” xalqaro tadqiqot natijalarini e’lon qildi.
Tadqiqot davomida Ekspertlar kengashi mintaqadagi 50 ta bank faoliyatini 120 ta mezon bo‘yicha tahlil qilib, shuningdek, internet-banking xizmatlarini joriy etish jarayonlari va ilg‘or tajribalarni ham o‘rgandi.
Zamonaviy xorijiy tajriba asosida transformatsiya jarayonlarini amalga oshirayotgan O‘zsanoatqurilishbank tizimning har bir yo‘nalishi qatorida biznes vakillari uchun ham yangi qulay xizmatlarni joriy qilib kelmoqda.
Ulardan biri yuridik shaxslarga mo‘ljallangan “SQB Business” internet banking xizmatidir. Dastur mijozlarga Bankning barcha tarmoqlaridagi mavjud hisobraqamlar bo‘yicha amaliyotlarni bir platformada 24/7 rejimida bajarish va boshqarish imkonini bermoqda.
Har qanday to‘lovlarni o‘tkazish, korporativ kartalarini to‘ldirish, hisob varaqlardan ko‘chirmalar olish va hisobotlar tayyorlash, konversiya amaliyotlarini amalga oshirish shular jumlasidandir. Shuningdek, dastur orqali boshqa bir nechta korxonalarni ham boshqarish mumkin.
Ma’lumot uchun. “SME Banking” – bu axborot olish, tahlil qilish va tajriba almashish maqsadida tijorat banklarini birlashtiradigan xalqaro platformadir. U mikro, kichik va o‘rta biznesga xizmat ko‘rsatishning mahalliy, mintaqaviy va global bozorlari qanday rivojlanayotganini o‘rganadi.
Reklama huquqi asosida
O‘zA