Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev Ozarbayjon diasporasi bilan ishlash davlat qo‘mitasi raisi F.Murodov bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlari darajasida yo‘lga qo‘yilgan muntazam muloqot, yetakchilarning mustahkam siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli Toshkent va Boku o‘rtasidagi munosabatlar keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani  ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari o‘rtasidagi an’anaviy yaqin va juda samarali aloqalar rivojlanib borayotgani, bu jarayonda parlament palatalarining roli muhim ekani alohida qayd etildi.

F.Murodov O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati va hukumati tomonidan millatlararo va konfessiyalararo munosabatlarni mustahkamlashga katta ahamiyat berayotganini e’tirof etdi.

O‘zbekistonda Ozarbayjon diasporasini rivojlantirish, xususan, ozarbayjon madaniyati va an’analarini asrab-avaylash va ularni yuksaltirishga qaratilgan amaliy harakatlar, shuningdek, ozarbayjon tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA