Davlatimiz rahbarining “Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida mamlakatimizda nufuzli musobaqalar o‘tkazish, otlar uchun zamonaviy sharoitlarga ega manejlar qurish vazifasi belgilangan.

Poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan “Universal Jumping Agro” ot sporti klubida mazkur qaror ijrosini ta’minlash borasida zarur ishlar olib borilmoqda. Klubda 160 bosh ot uchun mo‘ljallangan majmua mavjud. Hozirgi kunda inshootni xalqaro talablar darajasiga keltirish maqsadida qurilish ishlari davom ettirilmoqda. Uning imkoniyatlari yanada kengaymoqda.

Shu kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Xalqaro yilqichilik va ot sporti federatsiyasi mutaxassislari ushbu majmuada bo‘lib, olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi. Otxonada jonivorlarni parvarishlash, veterinariya muolajalarini olib borish uchun barcha sharoitlar yaratilgani e’tirof etildi. Shuningdek, majmua Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi litsenzion musobaqa hamda “Toshkent-2025» Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun har tomonlama mos kelishi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, yangi qiyofa ochayotgan “Universal Jumping Agro” mamlakatimizda yilqichilik va ot sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Majmua bilan tanishuv davomida xalqaro ekspertlar ish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berdi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA