Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida “Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni tatbiq etish” II Xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda.

Forumda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev kambag‘allik jamiyat uchun dolzarb muammo ekanini  ta’kidladi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda ilk marotaba minimal iste’mol xarajatlari asosida kambag‘allik chegarasi va darajasi qonunchilik hujjatlari asosida joriy etildi. Hududlarda o‘tkazilgan tadqiqot va o‘rganishlar asosida kambag‘al oilalar soni aniqlandi. Shu bilan birga ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar soni shakllantirilib, ijtimoiy himoya yagona reestri joriy etildi. Bir necha yil ichida shakllantirilgan axborot bazalariga kiritilgan muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar miqdori 4 barobarga ko‘paydi.

– Kambag‘al oila va fuqarolarni aniqlab olganimizdan keyin, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha asosiy 9 ta yo‘nalish belgilab olindi, – dedi B.Musayev. – Har bir mahallada aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga mas’ul bo‘lgan hokim yordamchilari instituti joriy etildi. Bu bilan amalga oshirilayotgan ishlarimizning aniq manzilga yetib borishiga mexanizm yaratildi. Shuni ham aytish joiz, hokim yordamchilari yordamida 1,4 million nafar ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ish joylariga ega bo‘ldi. 200 ming aholi kasbga o‘qitildi. 420 mingga yaqin kambag‘al aholiga uzoq muddatli ijaraga yerlar berildi. Bu yildan esa kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi bosqichni boshlamoqchimiz. Mamlakatimizda oxirgi 7 yilda qulay biznes muhiti natijasida 100 minglab muvaffaqiyatli tadbirkorlik sinfi paydo bo‘ldi.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov o‘tgan davrda kambag‘allikni qisqartirish borasida erishilgan natijalar va davlatimizning bu borada amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

–  O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi muttasil ravishda kamayib boryapti, – deydi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov. – Kambag‘allik darajasi 17 foizdan 14 foizgacha kamaydi. Bugungi kunga kelib 2 mln. odam ijtimoiy nafaqa olyapti. Bu kambag‘allikka qarshi kurashning samarali yo‘li bo‘lishi mumkin, ammo ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan kambag‘allikni qisqartirishga erisha olmaymiz. Jahon banki bilan birgalikda hamkorligimizning eng katta yo‘nalishi inson kapitalini rivojlantirish hisoblanadi. Birinchi o‘rinda, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, qishloq hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqdamiz. Shuningdek, qishloq hududlarida sanoatni hamda  infrastrukturani rivojlantirish maqsad qilingan.

Forum doirasida hamkorlikka oid bir qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA