Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Ma’muriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.

Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori M.Egamberdiyev ma’ruza qildi:

— Mamlakatimizda sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur qonun loyihasida Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi, Majburiy ijro byurosi nomidan ma’muriy jazo qo‘llashga vakolatli bo‘lgan mansabdor shaxslar doirasi aniq belgilanmoqda.

Amaliyotda Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarima miqdorini undirilishi lozim bo‘lgan summaga nisbatan nomutanosib ravishda bir necha karra yuqori belgilash holatlari kuzatilmoqda. Masalan, undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlik 150 ming so‘m bo‘lsa, o‘z vaqtida to‘lanmagani uchun fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan 330 ming so‘mdan 1 million 650 ming so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu kabi amaliyotni bartaraf etish maqsadida ushbu qonun loyihasi tayyorlandi.

Shu bilan birga, bugungi kunda MIBning ijrochi maqomida ishlovchi istalgan xodimida ma’muriy jarimaga tortish vakolati mavjud. Bu esa fuqarolarning tegishli asoslarsiz jarimaga tortilishi kabi turli suiiste’molchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Afsuski, bu kabi ayrim MIB ijrochi xodimlari uchrab turibdi. Masalan, qonun normalarini noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida 340 dan ortiq shaxsga nisbatan noo‘rin jarima qo‘llanilgani aniqlangan va bu noqonuniy qarorlar bekor qilingan.

Shu bois ham MIB nomidan ma’muriy jarima qo‘llash vakolatiga faqatgina O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari ega ekanligi belgilanmoqda. Ushbu o‘zgartishlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz normalariga to‘la mos keladi, — dedi Majburiy ijro byurosi direktori.

Muhokamalar davomida deputatlar hujjat xalqchil qonun loyihasi ekanligini, aholi manfaatlariga to‘la xizmat qilishini ta’kidladilar. Uning qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, jarimalarni to‘lashda fuqarolarga yengilliklar berilishiga, Majburiy ijro byurosi tizimida nazorat kuchaytirilishiga va suiiste’molchiliklarning oldi olinishiga asos bo‘lishi qayd etildi. Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA