Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalari va boshqa masalalar o‘rin olgan.

Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi, unda ilgari surilgan maqsad-vazifalar va topshiriqlar xususida to‘xtalib o‘tdi.

— Kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar e’tirof etilib, qator muhim vazifalar belgilab berildi. Ta’kidlanganidek, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik borligi tan olinib, uni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilindi, barcha tumanlar sharoitiga ko‘ra 5 ta toifaga ajratilib, tabaqalashgan yengilliklar berildi. Bularning natijasida o‘tgan yili 1 million nafar, bu yil birinchi chorakda 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi.

Yig‘ilishda har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1 trillion 500 milliard so‘m subsidiyalar ajratilayotgani, “Ijtimoiy himoya reyestri” orqali 2 million 300 ming muhtoj oila, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan qamrab olingani alohida qayd etildi. Shuningdek, tadbirkorga sharoit yaratish maqsadida 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi ma’lum qilindi.

Dasturga 2023-2024 yilda jami 1 milliard dollar ajratiladigan bo‘ldi. Bu mablag‘lar hisobidan tadbirkorga kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilishiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturida ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi.

Ta’kidlash joizki, aholi bandligi masalasi quyi palatamizning ham doim e’tiborida. Deputatlarimiz joylardagi uchrashuvlarda bu borada belgilab berilgan har bir vazifa va topshiriqlarni mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlariga yetkazishda hamda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishlarida faollik ko‘rsatishi talab etiladi. Bu borada ta’sirchan parlament nazoratini amalga oshirishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar barcha fraksiya va qo‘mitalarning e’tiborida bo‘lishi lozim, — dedi Spiker.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA