“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturida ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan:

– kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi;

– kambag‘al oila a’zosi daromad solig‘idan ozod qilinadi;

– 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga kamaytiriladi.

Shuningdek, dasturda qatnashadigan tadbirkorlar soliq va bojxona ma’murchiligida yengilliklar oladi. Xususan:

– ular faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi;

– ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i, shuningdek, ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi;

– qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha guvohnoma muddatidan ilgari bekor qilinmaydi;

– barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi;

– bojxona to‘lovlarini sug‘urta kafolatisiz olti oyga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Bu haqda Prezident raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

O‘zA