Oʼzsanoatqurilishbank faoliyatini xalqaro ekspertlar koʼmagida transformatsiya qilish jarayonida yangi moliyaviy modellar va ular asosida bank biznesini samarali boshqarishga qaratilgan loyihalarni ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratilgan.
bugungi kunda bank tizimida muassasaning biznes yo‘nalishlaridagi moliyaviy ko‘rsatkichlari xalqaro tajribada muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan “mahsulotlar yondashuvi” asosida rejalashtirilmoqda, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisining o‘rinbosari Shoxpur Gulturayev. – Tizim bundan keyin ham bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi, buning uchun malakali mutaxassislardan iborat loyiha guruhi shakllantirilgan. Hozirda bank mutaxassislarining malakasi oshirildi, ma’lumotlar bazasi to‘ldirildi.
“Byudjetlashtirish” tizimini joriy etish bosqichlari, bu borada xalqaro tajribadan foydalanilganlik darajasi, dastur imkoniyatlari haqida poytaxtimizda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan SAP texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan yirik loyiha – “Byudjetlashtirish” tizimining taqdimotida batafsil ma’lumot berildi.
Unda bu tizim bank moliyaviy ko‘rsatkichlari o‘zgarishining ichki va tashqi omillarini tahlil qilish, daromadligini oshirishning barqaror manbalarini aniqlash, har bir bank mahsuloti va sotuv nuqtalari bo‘yicha muassasa foydasini rejalashtirish, tarmoqlar moliyaviy holatini to‘g‘ri baholash orqali ular faoliyatini optimallashtirish, xarajatlar hajmini qat’iy nazoratga olish va optimallashtirish, bank biznesiga resurslarni to‘g‘ri taqsimlash imkonini berishi ta’kidlandi.
Prezidentimizning 2020 yil 12 mayda qabul qilingan “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida sohani zamonaviy axborot texnologiyalari asosida raqamlashtirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.
O‘zsanoatqurilishbank xalqaro ekspertlar ko‘magida transformatsiya qilish jarayonida ushbu topshiriqlar ijrosiga alohida e’tibor qaratmoqda. Natijada yangi moliyaviy modellar va ular asosida bank biznesini samarali boshqarishga qaratilgan loyihalar ishga tushirildi. Germaniyaning ilg‘or SAP dasturi negizida yaratilgan “Byudjetlashtirish” tizimi shular sirasidan.
Tizim biznes bo‘linmalar va bank mahsulotlari byudjetini tuzish hamda monitoring qilish, bank resurslari bo‘yicha transfert bahoni shakllantirish, xarajatlarni bank mahsulotlari bo‘yicha taqsimlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, “Byudjetlashtirish”, kodlashtirish orqali amalga oshirilgan tizim mijozga yo‘naltirilgan shaffof bank mahsulot va xizmatlarni yaratishni qo‘llab-quvvatlaydi, ular tannarxini pasaytirish zaruratini aniqlaydi, kam rentabelli mahsulotlarni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilaydi. Misol uchun, bankning qaysi hududdagi filiali mijozlarining mikrokredit yoki avtokreditga talabi yuqoriligini endi aniqlash imkoni bor. Avval bunday ma’lumot mavjud emasdi.
– Loyihani amalga oshirish jarayonida har bir yo‘nalishga alohida yondashildi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Buxgalteriya hisobi va moliyaviy menejment departamenti direktori Oybek Vohidov. – Xususan, bank biznes yo‘nalishi va mahsulotlari uchun yagona byudjet modellarini amalga oshirishda “SAP Business Planning and Consolidation” dasturidan, bank mahsulotlari bo‘yicha xarajatlarni taqsimlash, transfer narxlarni belgilash modellarini joriy yetish uchun “SAP Profitability and Performance Management” dasturidan, moliyaviy ko‘rsatkichlarning vizualizatsiyasini ishlab chiqish maqsadida esa, “SAP BO Web Intelligence” dasturidan foydalanildi.
Tadbir so‘ngida mehmonlar e’tiboriga bank biznesini samarali boshqarishda istiqboldagi rejalar ham namoyish etildi. OAV vakillari va mutaxassislarning loyihaga tegishli savollariga mutaxassislar javob berdi.
O‘zA