Yosh xokkeychilarimiz jahon chempionatida qatnashadi

Xokkey bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi 28 fevral – 6 mart kunlari Tailand poytaxti Bangkok shahrida o‘tkaziladigan U-18 jahon chempionatining III divizionida ishtirok etadi.
Ta’kidlash kerakki, bugungacha O‘zbekiston xokkey maktablari tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan U18 yoshlar terma jamoasi Osiyo va Okeaniya kubogida ikki marta g‘oliblikka erishgan. O‘tkazilgan hech bir o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan.
2023 yil mart oyida Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator va 2024 yil aprel oyida Toshkent hamda Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan chempionatda yosh xokkeychilarimiz vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan edi.

Bu galgi jahon chempionatida hamyurtlarimiz Janubiy Afrika Respublikasi, Lyuksemburg, Turkmaniston, Bosniya va Gersegovina hamda Tailand jamoalari bilan ro‘baro‘ keladi.
Turnir taqvimiga ko‘ra, 28 fevral O‘zbekiston Janubiy Afrika Respublikasi bilan, 1 mart kuni Lyuksemburg, 3 mart kuni Turkmaniston, 4 martda Bosniya va Gersegovina, 6 mart kuni Tailand yoshlar jamoasi bilan kuch sinashadi.
Xokkeyga oid yana bir xabar. Bugun, 18 fevral kuni Toshkentning “Humo” xokkey klubi Qozog‘iston ochiq chempionatining pley-off bosqichi doirasidagi bahsda “Gornyak”ka qarshi maydonga tushadi.
Mazkur bosqichda o‘yinlar to‘rtta g‘alabagacha davom etadi. Uchrashuv bugun 19:30da poytaxtimizdagi “Humo Arena” muz saroyida boshlanadi
T.Ro‘ziyev,
O‘zA