Germaniya: Parlament saylovida muxolifatning imkoniyati yuqori

23 fevral kuni Germaniyada parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan “Die Welt” gazetasi siyosiy guruhlar imkoniyatiga oydinlik kiritish maqsadida o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra, muxolif Xristian-demokratik ittifoq va Xristian-ijtimoiy ittifoq (XDI/XII blogi) 30 foiz atrofida ovoz olib g‘alaba qozonishi taxmin qilinmoqda. O‘ta o‘ng qanot “Germaniya uchun muqobil yo‘l” partiyasi 20 foiz natija bilan so‘rovda ikkinchi o‘rinni egallagan. Amaldagi Kansler Olaf Shols rahbarligidagi Sotsial-demokratlar (SDP), “Yashillar” va “So‘l partiya” esa nisbatan kam qo‘llab-quvatlanishi aytilmoqda.
Ushbu ma’lumotlar ishonchli chiqsa, XDI/XII yetakchisi Fridrix Mers GFRning yangi kansleri bo‘ladi. Uning konservativ blogi esa mutlaq ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kirita olmaydi va parlamentga kiradigan boshqa siyosiy kuchlar bilan koalitsiya tuzishiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, Mers SDP yoki “Yashillar” bilan kelishishi mumkin.
Avvalroq Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirishga va’da bergan yetakchi da’vogar Kiyevga “Taurus” qanotli raketasi yuborish tarafdori.
Ma’lumki, Ukraina anchadan buyon Germaniyadan 500 kilometr masofaga uchadigan shunday qurilmalar yetkazib berishini so‘rab keladi. Shols hukumati mojaro keskin kuchayib ketishidan xavotir olib, bu harakatdan tiyilib kelmoqda.
Fridrix Mers “Funke” media guruhi nashrlariga intervyu berib, kelgusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara olib borishga tayyorligini bildirgan. Shu bilan birga, suhbat mojaro hal qilinishi ehtimolini yaqinlashtiradigan bo‘lsagina o‘tishini ta’kidlagan.
Uning ta’kidlashicha, GFR mudofaa xarajatini NATO tomonidan tasdiqlangan darajaga yetkazish, ya’ni yalpi ichki mahsulot qiymatining ikki foiziga chiqarish maqsadiga erishish uchun harakkat qilish va ko‘proq qurolga buyurtma berishi zarur.
– Men kelajakda mudofaa byudjeti miqdori yanada yuqoriroq o‘rnatilishi lozimligidan kelib chiqaman, – deya qo‘shimcha qilgan siyosatchi.
O‘tgan yil kuzda Mers, “Agar saylovda g‘alaba qozonsam, Rossiyadan 24 soat ichida Ukrainadagi nishonlarga zarba berish to‘xtatilishini talab qilaman, deya bir necha bor takrorlagan.
S.Rahimov, O‘zA