Uchta sport tashkilotiga yangi rahbar saylandi

Milliy Olimpiya qo‘mitasida Sport vazirligi va MOQ rahbariyati ishtirokida uchta sport federatsiyalari hamda assotsiatsiyalarining ketma-ketlikda navbatdan tashqari saylov konferensiyalari bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasiga Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov rais, Otabek Choriyev, Andrey Abduvaliyev va Kamoliddin Usmonov o‘rinbosar, Kamoliddin Ro‘zmuhammedov esa bosh kotib etib saylandi.

Shuningdek, «O‘zmilliybank» AJ boshqaruv raisi Alisher Mirsoatov O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi rahbari etib saylandi. O‘zbekiston tennis federatsiyasining sobiq raisi A.Mirsoatov qishki sport turlari assotsiatsiyasi boshqaruviga o‘tgani bois, tadbirkor, uzoq yillar “Paxtakor” FK prezidenti sifatida faoliyat yuritgan mutaxassis Botir Rahimov nomzodi O‘zbekiston tennis federatsiyasi raisligiga ilgari surildi va bir ovozdan ma’qullandi.
Mazkur konferensiyalarda tashkilotlarning yangi ustavi ham tasdiqlab olindi. Tadbirda ishtirok etgan rasmiylar federatsiyalarning yangi rahbariyatini mas’uliyatli lavozimga saylangani bilan qutladi. Ularga oldinda turgan “Milan-Kortina-2026” qishki va “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik yuzasidan vazifalarni belgilab, bu borada o‘z tavsiyalarini berdi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA