O‘zbekiston – Kuvayt: ko‘p qirrali sheriklik mustahkamlanmoqda

148

“Al-Jarida” nashri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al As-Sabohning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga kelganini keng yoritdi. Maqolada oliy darajali muzokara o‘tkazilgani, Sammit kun tartibidan do‘stlik va ko‘p qirrali sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya-moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish masalalari o‘rin olgani ta’kidlangan.

Al-Kuvayt shahridagi “Al-Bayan” saroyida tor doirada uchrashuv va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara bo‘lib o‘tganiga e’tibor qaratilgan.

Prezidentimiz Kuvaytda muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan, maqsad va vazifalari Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlariga hamohang bo‘lgan “Nigoh-2035” davlat dasturini alohida qayd etdi.

Siyosiy muloqot, idoralararo almashinuv faollashayotgani, tovar ayirboshlash va investitsiya miqdori barqaror ortayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, turizm sohalari amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilab olingan.

Muzokaralar yakunida ikki davlat yetakchilari tomonidan O‘zbekiston – Kuvayt keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilingan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA