Kurash: yangi vazn toifasi joriy etildi

Xalqaro sport musobaqalarida milliy sport turimiz kurashning nufuzini oshirish hamda ishtirokchilar qamrovini yanada kengaytirish maqsadida erkaklar uchun yangi vazn toifasi – 120 kilogramm joriy etildi.
Aytish lozim, 2024 yil davomida Xalqaro kurash assotsiatsiyasining AIMS (Alliance of Independent Recognized Members of Sport) tashkilotiga a’zolik jarayonlarida vazn toifalarini maqbullashtirish masalasi bir necha bor muhokama qilindi. Tahlillar natijasida vazn toifalarini tenglashtirish tavsiya etildi.
2024 yil 13 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Boshqaruv kengashi yig‘ilishida bu masala atroflicha ko‘rib chiqildi va erkaklar uchun -120 kg. vazn toifasini qo‘shish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi.
Mazkur qarorga binoan kattalar o‘rtasida kurash bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda vazn toifalari quyidagicha belgilandi: erkaklar: -60 kg, -66 kg, -73 kg, -81 kg, -90 kg, -100 kg, -120 kg, +120 kg.
Yangi vazn toifasi 2025 yilda tashkil etiladigan barcha rasmiy musobaqalarda joriy etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA