Indoneziyaning yangi poytaxtida elchixonalar uchun bepul yer ajratiladi

Indoneziyaning yangi poytaxti – Nusantara ijrochi direktori Basuki Hodimuljono xorijiy elchixonalar uchun bepul yer ajratish taklifini ilgari surmoqchi, deya xabar tarqatdi “Jakarta Globe” portali.
Bu tashabbusdan ko‘zlangan maqsad xorijiyliklar e’tiborini jalb qilish, davlatlarni Nusantarada vakolatxona ochishga undash, degan mulozim. Shu bilan birga Hodimuljono yakuniy xulosani Prezident Prabovo Subianto chiqarishini ham ta’kidlagan:
– Men qaror qabul qilmayman. Elchixonalarni tezroq ochish yo‘li sifatida Prezidentga taklif kiritaman, xolos.
Darvoqe, ma’muriyat diplomatik majmua uchun allaqachon 62,9 gektar yer ajratgan.
Nashr qayd etishicha, agar ushbu loyiha ma’qullanib, tekin yer berilsa, xorijiy elchixonalarni ko‘chirish tezlashadi. Shu orqali Indoneziyaning xalqaro aloqalari ham mustahkamlanadi.
Mazkur qadam hukumatning yangi poytaxtni 2028 yilgacha ishga tushirish rejasiga mos keladi. Bunday siyosat Nusantaraning diplomatik markaz sifatidagi jozibadorligini oshirishi, global aloqalar mustahkamlanishiga yordam berishi mumkin.
2019 yil Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo Jakarta aholisi haddan ziyod ko‘payib ketgani uchun, poytaxt yukini yengillashtirish maqsadida mamlakat ma’muriy markazi Sharqiy Kalimantan viloyatining o‘rmonzor hududiga ko‘chirilishini e’lon qilgan.
S.Rahimov, O‘zA