O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan joriy yil 2-3 may kunlari tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
3 may kuni Berlin shahridagi Belvyu saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Federal Prezidentga Germaniyaga tashrif bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik misli ko‘rilmagan sur’atda rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Faol siyosiy, gumanitar va ishbilarmonlik muloqotlari davom etmoqda. Tomonlar nufuzli xalqaro institutlar, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqish muhimligi yuzasidan yakdil fikr bildirildi.
Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdilar, amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Jumladan, keyingi yillarda tovar ayirboshlash va qo‘shma loyihalar soni ikki barobar oshdi. Iqtisodiyotimizda Germaniya investitsiyalari hajmi 5,5 milliard yevroni tashkil etmoqda, shundan 4 milliard yevro oxirgi bir necha yilda jalb qilingan.
Prezidentlar umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiya-texnologiya bitimlari imzolanishi bilan yakunlangan ishbilarmonlik tadbirlarining natijalarini olqishladilar.
Berlinda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va farovonlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholanmoqda.
Shu ma’noda, Germaniya mintaqadagi o‘zaro bog‘liqlik loyihalarini, shu jumladan, Yevroittifoqning “Global darvoza” tashabbusi doirasida qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlandi.
Tomonlar mintaqada Afg‘onistondagi vaziyatni inobatga olgan holda xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi sheriklikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdilar.
Afg‘on xalqiga manzilli gumanitar yordam ko‘rsatish, bunda chegaraoldi Termiz shahrida yaratilgan zamonaviy infratuzilma imkoniyatlaridan ham foydalanish muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar Berlin shahrida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlab noyob ko‘rgazma ochilayotganidan mamnunligini bildirdilar.
O‘zbekistonda nemis tilini o‘rganish bo‘yicha kompleks dasturni tayyorlash, shu jumladan, mamlakatimiz hududlarida Gyote instituti faoliyatini kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Frank-Valter Shtaynmayerni mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Germaniya tomonidan tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi, Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi, Germaniya energetika agentligi, “CLAAS”, “Knauf”, “Siemens Energy”, “Lasselsberger”, “Aurubis”, “Linde Group”, “Gunter Papenburg”, “Falk-Porsche-Technik”, “Mangold Consulting”, “DB Engineering”, “Landesbank”, “Commerzbank”, “KfW”, “Deutsche Bank” kabi o‘ttizga yaqin eng yirik kompaniya va banklar rahbarlari qatnashdi.
Bunday formatdagi muloqot ilk bor 2019 yil yanvarida, davlatimiz rahbarining GFRga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan edi.
Natijada O‘zbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha bir qator yuqori texnologik loyihalar ishga tushirildi, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklik sezilarli ravishda faollashdi.
O‘zbekiston Prezidenti uchrashuvni ochar ekan, Germaniya bilan munosabatlarda yuksak ishonch va o‘zaro hurmat qaror topganini alohida qayd etdi. Yurtimizda germaniyalik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 5 milliard yevrodan ziyod 60 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
Oxirgi yillarning o‘zida Germaniya investitsiyalari hajmi 4 milliard yevroni tashkil qildi, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga ko‘paydi. O‘zbekistonda “CLAAS”, “Knauf”, “Gunter Papenburg”, “Linde Group” va “Falk-Porsche-Technik” kabi Germaniya iqtisodiyotining “lokomotivlari” muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir raisligidagi Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi hamkorlikni muntazam muvofiqlashtirib borishning muhim mexanizmiga aylandi.
Prezidentimiz ushbu tashrif davomida erishilgan muhim kelishuvlar va istiqbolga mo‘ljallangan rejalarni amalga oshirishda asosiy rolni aynan ishbilarmon doiralar o‘ynashi mumkin va lozimligini qayd etdi.
Xususan, kuni kecha o‘tgan O‘zbekiston – Germaniya biznes-forumi doirasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha 9 milliard yevrolik yangi savdo, moliya va investitsiya bitimlari imzolandi.
“Yashil energetika”, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metallurgiya, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, kimyo, tog‘-kon, avtomobil, to‘qimachilik, elektrotexnika sanoati va boshqa yo‘nalishlardagi katta loyihalar shular jumlasidan.
Bank-moliya sohasida Germaniyaning “Deutsche Bank”, “Commerzbank”, “KfW” va “Landesbank” kabi eng yirik banklari bilan loyihalarni moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston jahon iqtisodiyotidagi keng ko‘lamli va jiddiy tebranishlar sharoitida Germaniya biznesi uchun samarali va ishonchli makon bo‘lishga tayyorligini ta’kidladi.
Shu maqsadda investorlar uchun zarur sharoitlar va noyob imkoniyatlar, qulay fiskal tizim yaratilgan – soliqlar soni kamaytirildi, QQS stavkalari pasaytirildi, bir qator bojxona bojlari bekor qilindi. Ma’muriy islohotlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasining yangi Konstitutsiyasiga muvofiq, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlari kuchaytirildi, davlat halol raqobat va sud tizimi mustaqilligi uchun sharoit yaratishiga oid qoidalar aniq mustahkamlab qo‘yildi.
Endilikda investorlarning huquqlari ta’minlanishi va ularning sudda himoya qilinishi davlat tomonidan kafolatlanishi alohida qayd etildi. Bundan buyon tadbirkorlar emas, davlat idoralari o‘z qarorlarining qonuniyligini isbotlashga majbur. Shuningdek, yuzaga keladigan har qanday noaniqliklar investorlar foydasiga hal etiladi.
– Xorijiy investor O‘zbekiston deganda, birinchi navbatda, barqarorlik, ishonchlilik va kelajak uchun xotirjamlikni ko‘z oldiga keltirishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Har bir germaniyalik tadbirkor mamlakatimizda o‘zini erkin va dadil his etishi uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Germaniyaning ilg‘or ishlanmalari va innovatsion texnologiyalarni O‘zbekistonning resurslari va inson salohiyati bilan birlashtirsak, katta natijalarga erisha olamiz.
Tadbirkorlar bilan muloqot Germaniya biznes hamjamiyatining hamkorlikni rivojlantirishga qiziqishi katta ekanini yana bir bor namoyish etdi.
Fikr almashish chog‘ida GFR ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ahamiyatini yuksak baholab, bu yurtimizda investitsiyaviy faoliyat yuritish bo‘yicha Germaniya biznesining eng dadil va uzoq muddatli rejalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari rahbarlari aniq takliflarini aytdi. Ustuvor sohalarda yuqori texnologik va innovatsion yechimlarni joriy qilgan holda amaliy hamkorlikni davom ettirish va kooperatsiyani kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniya biznesi vakillariga dolzarb tashabbuslari uchun samimiy minnatdorlik bildirib, muloqot mazmunli bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, umuman, tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashga topshiriq berdi.
Germaniyaga tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Berlin shahridagi jahonga mashhur Jeyms Simon galereyasida “O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha” nomli noyob ko‘rgazmani ochdilar.
Davlatimiz rahbari ochilish marosimida ikki mamlakatda xalqlarimizning boy madaniy merosi va bugungi yutuqlariga qiziqish ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
O‘zbekistonda Gyote, Geyne, Shiller, Tomas Mann, Remark va ko‘plab boshqa adiblarning o‘lmas ijodini, Bax, Betxoven, Shtraus, Vagnerning ajoyib musiqasini yaxshi bilishadi va qadrlashadi.
Hududidan Yevropaga eltuvchi qadimgi karvon yo‘llari o‘tgan O‘zbekistonning tarixi bilan Germaniya jamoatchiligi yaxshi tanish.
Asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li savdo, fan, madaniyat va san’at rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelgan, madaniyatlararo muloqotga, ma’naviy qadriyatlar almashinuviga, progressiv g‘oyalar shakllanishiga, integratsiya va hamkorlikka, tinchlik va bunyodkorlikka, bag‘rikenglik va totuvlikka xizmat qilgan.
Buyuk shoir Gyote o‘zining “G‘arbiy-sharqiy devon” she’riy to‘plamida ko‘hna Samarqand va Buxoro go‘zalligini tarannum etgan bo‘lsa, atoqli bastakor Gendel “Temur” operasini yaratgan.
Ko‘rgazmaning ochilishi O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi madaniy aloqalarda diqqatga sazovor voqea bo‘ldi. Uning o‘tkazilishi haqida Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning 2019 yil maydagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida kelishilgan edi.
Qariyb to‘rt yil davomida ikki mamlakat arxeologlari, tarixchilari, san’atshunoslari va muzey xodimlari tadbirni tashkillashtirish ustida fidokorona mehnat qildi. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida 50 ga yaqin eng qimmatli osori-atiqalar restavratsiya qilindi.
2024 yil 14 yanvar kuniga qadar davom etadigan ko‘rgazmada Berlin davlat muzeylari to‘plamlaridan 65 ta va O‘zbekiston muzeylari to‘plamlaridan 285 ta eksponat namoyishga qo‘yilgan. Ularning ko‘pi mamlakatimiz tashqarisida ilk bor ko‘rsatilmoqda.
Ko‘rgazma mamlakatimizning qadimiy va boy madaniyati, bugungi O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hududida joylashgan ilk davlatlarning miloddan avvalgi VI asrdan milodiy IV asrgacha davrni qamrab olgan tarixi haqida so‘zlaydi.
Bu yerdagi durdonalar orasida Kushon saltanatining Dalvarzintepa va Holchayon qo‘rg‘onlaridan topilgan aslzodalar, askar va badavlat ayollar haykallari bor.
Ushbu betakror ekspozitsiya tashrif buyuruvchilarga O‘zbekiston tarixi bilan tanishish, xalqimiz merosi to‘g‘risida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini beradi.
Tadbir O‘zbekiston va Germaniya xalqlarining yanada yaqinlashishi va bir-birini anglashiga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniyaga tashrifi munosabati bilan ikki mamlakat delegatsiyalari a’zolari, davlat va jamoat arboblari ishtirokida qabul marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi yakunlandi.
O‘zA