Pokiston davlatidan tashrif buyurgan kuzatuvchi, “Daily Ittehad” gazetasi bosh muharriri Tahir Faruk mamlakatimizdagi referendum jarayonlarini kuzatib, fikr-mulohazalarini bildirdi.
– O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan parlament va prezidentlik saylovlarida ham ishtirok etganman. bugungi referendum jarayonlarini ertalabdan kuzatishni boshladik. Meni eng quvontirgan, e’tiborimni tortgan jihat – O‘zbekiston yoshlari ertalabdan jo‘shqinlik bilan referendum jarayonlarida ishtirok etishni boshlashdi. Bu yoshlarning faolligidan, o‘z kelajagiga befarq emasligidan dalolat beradi.
Konstitutsiyaviy islohotlar kutilgan, har doimgi me’yoriy jarayon hisoblanadi. Har bir davlatning Konstitutsiyasi o‘sha davlatga xizmat qilishi uchun yaratiladi. Masalan, Pokiston Konstitutsiyasi 1973 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan 50 yil mobaynida unga 28 marta o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.
O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishgan paytda o‘z nutqida Konstitutsiyaga yangi o‘zgartishlar kiritilishini aytgan edi. bugungi referendum natijalari ijobiy holatda bo‘ladi. Uning natijasida qabul qilinadigan Asosiy hujjat O‘zbekiston xalqining farovonligi, hukumatning barqarorligiga xizmat qiladi, – dedi pokistonlik kuzatuvchi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yaqinda “Daily Ittehad” gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yangilik va o‘zgarishlar xususida yirik tahliliy material chop etildi. Unda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari keng yoritilgan.
Muhtarama KOMILOVA,
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA