Xitoyning Xanchjou shahrida Osiyo o‘yinlari oldidan ishtirokchi davlat delegatsiyalari rahbarlari uchun seminar tashkil etildi. Ikki kun davom etgan seminarda tashkiliy qo‘mita vakillari tomonidan musobaqani o‘tkazish bo‘yicha so‘nggi talablar, delegatsiyalarni kutib olish va kuzatish, transport-logistika yo‘nalishlari, ishtirokchi davlatlarga yaratiladigan sharoitlar, COVID-19 infeksiyasiga qarshi kurashish yuzasidan talablar bo‘yicha tushuntirish berildi.

Ma’lum qilinishicha, Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida har bir mamlakatdan 1 nafardan erkak va ayol sportchi bayroqdor bo‘lishi belgilangan. Gender tenglikni ta’minlash maqsadida katta kompleks musobaqalarda qo‘llanilayotgan ushbu amaliyot o‘yinlarning ajralmas qismi hisoblanadi.

Tashkiliy qo‘mita xabariga ko‘ra, 27 iyul kuni jamoaviy sport turlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, delegatsiya vakillari uchun bellashuvlar o‘tkaziladigan sport ob’ektlari va Olimpiya shaharchasi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi.

Mazkur seminarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi mutaxassislari Xanchjouda Olimpiya o‘yinlariga mo‘ljallangan majmualardagi shart-sharoitlar bilan tanishish asnosida qit’aviy o‘yinlarni tashkil etish borasidagi Xitoy tajribasini o‘rgandi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA