Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 15 aprel – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev soha xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tiborga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, har qanday xalqning madaniyati va  san’atiga bo‘lgan hurmat – bu shu xalqning o‘tmish tarixi, milliyligi, urf-odat va dasturlariga bo‘lgan hurmat hisoblanadi. Shuning uchun ham, bugungi bayram ildizi chuqur tarixga ega ko‘p millatli xalqimizning, butun mamlakatimizning bayrami desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ayniqsa, joriy yilda ushbu bayramning “Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt” shiori ostida o‘tkazilishi har bir ijodkor qalbida g‘urur va iftixor tuyg‘usini paydo etadi. Madaniyat va san’at xodimlari haqida so‘z yuritilganda, eng avvalo,  betakror mehnati bilan xalqimizning ruhiy dunyosini boyitib  kelayotgan mashaqqatli va sharafli kasb egalari ko‘z oldimizga keladi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga, soha xodimlariga qulay shart-sharoit yaratishga  va ularning mehnatini munosib rag‘batlantirishga, aholining madaniy dam olishlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan qisqa davr mobaynida sohaga oid qator qonunlar, farmon va qarorlar qabul qilingani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Ayniqsa, yaqinda Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida millatlararo totuvlikka bag‘ishlangan madaniy tadbirda ishtirok etib, shu yerda qoraqalpog‘istonlik ijodkorlar, madaniyat sohasi vakillari bilan muloqot qilishi ularning mehnatiga berilgan munosib baho bo‘ldi.  Davlatimiz rahbari milliy qadriyatlarni ulug‘lovchi asarlarni ko‘proq qo‘yish, gastrollarga chiqib, yoshlarni teatrga qaytarish, madaniyatini boyitish muhimligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish  Prezidentimiz e’tiborida turgan ahamiyatli masalalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida” gi Qonunining qabul qilinishi, shahar va tuman markazlarida zamonaviy amfiteatr, madaniyat markazlari, bolalar musiqa va san’at maktablarining ishga tushirilishi, sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatiga qaratilayotgan e’tibor, iqtidorli yoshlarning “Nihol” va Zulfiya nomidagi Davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, “Madaniyat va san’at fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi  buning yaqqol isbotidir.

Tadbirda bir guruh soha fidoyilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi unvonlari, ko‘krak nishonlari va Faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi.

Ishtirokchilarga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA