Bugun, 15 aprel kuni telegram tarmog‘idagi bir nechta kanallarda “Ogoh bo‘ling: O‘zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlandi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarga Qozog‘iston telekanalining “24KZ” telekanali orqali namoyish etilgan lavha asos bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor surishtiruv va o‘rganishlar olib borilib, dastlabki natijalariga ko‘ra Qozog‘iston tomoni O‘zbekistondan import bo‘lgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (Tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlanganligi yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va e’tiroznoma (notifikatsiya) jo‘natmagan.  

Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston va Qozog‘iston karantin xizmatlari o‘rtasida tezkor ravishda muzokara olib borilib, ushbu tarqalgan xabarga izoh bergan fitosanitariya xizmatining Qozog‘istonning Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari I.Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import bo‘lgan 43 tonna pomidor mahsulotida aynan O‘zbekistondan yuklangan mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqladi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joiz, mamlakatimizdan pomidor eksporti  bo‘yicha Agentlik tomonidan 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida importyor davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozog‘iston Respublikasiga eksport uchun) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan. O‘z navbatida importyor davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlanganligi yuzasidan e’tiroz holati qayd etilmagan.

Jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan holi mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xo‘jaligi maydonida O‘zbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xo‘jaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan o‘tkazilib, laboratoriyaning xulosasiga ko‘ra eksport\import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan, pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) testidan o‘tkaziladi.